“MULK” SURASINING FAZILATLARI
O‘zining oxirgi va abadiy Kitobi bo‘lmish Qur’oni Karimni butun olamlarni hidoyat qilish uchun nozil qilgan Aliymu Xabiyr bo‘lmish Alloh Taologa O‘zining Jaloliga munosib hamd va sanolar bo‘lsin.
Qur’onni Parvardigori olamdan qabul qilib olgan, uni butun olamlarga omonat ila yetkazgan, ham o‘qishni, ham uqishni o‘rgatgan, hayotga tamomila tatbiq etib ko‘rsatgan habibimiz Muhammad al-Amiyn Sollallohu alayhi vasallamga eng pok va eng yuksak salovot va salomlar bo‘lsin.
Sarvari olam, sayyidul-anam, nabiyul-arabi val-ajam sollallohu alayhi vasallamdan, Qur’onni harfma-harf ixlos ila qabul qilib, butun vujudlariga singdirib, unga oyatma-oyat amal qilib, zaminda ikki oyoqla odim otib yuruvchi, jonli qur’onlarga aylangan sahobai kiromlardan Qur’onni nozil etgan Zot rozi bo‘lsin.
O‘tgan jamiki ahli Qur’onlarni, Unga e’tiqod qilgan ahli iymonlarni, Uni qalblari ila tasdiqlagan ahli irfonlarni, Unga amal qilgan ahli islomlarni, ularga Qur’onni bergan zot O‘zidan boshqa molik yo‘q kunda Qur’on shafoati ila O‘z rahmatiga olsin! O‘zining muqaddas kitobi sifatida Qur’oni Karimga iymon keltirgan, uni o‘rgatgan, o‘rgangan va unga amal qilgan har-bir musulmonga Allohning rahmati, xayri va barakasi bo‘lsin.
Alloh subhanahu va Ta’ola bandalariga o‘z rahmatini yog‘dirish uchun ularni zalolatdan hidoyatga, zulmatdan nurga chiqarish uchun O‘zining mahbub bandalari, elchilarini (bandalarga dinini, haq dinini bildirishlari uchun) yubordi. Rasullarning vazifalari shundan iborat ediki, Alloh buyurgan amallarni to‘la to‘kis ado qilish, Uning rahmatiga sazovor bo‘ladigan amallarga dalolat qilishlik, va’idlaridan ogohlantirishdir.
Bashariyat Allohning rahmatidan uzoqlashib o‘zlarining nafsi havolariga ergashib, oralariga fasod kuchayganda o‘sha paytdagi insoniyatning eng zalolatga ketgani va adashishning cho‘qqisi bo‘lmish shirkka yetgan qovmlardan biri, arablarning orasidan: elchilarning eng xayrlisi, bashariyatning sayyidi, olamlarning rahmati, sevikli bandasi Muhammad Mustafo sallolohu alayhi va sallamni insonlarga, butun oxiri zamon bashariyatiga qiyomatgacha qoim turguvchi shariat bilan yubordi. Va ul zotga payg‘ambarliklarini isbotlovchi mo‘jizalar berdi.
Ma’lumki har zamon payg‘ambarining o‘sha zamonga muvofiq ya’ni o‘sha zamonda nima eng zo‘r rivojlangan bo‘lsa undanda yaxshiroq, aqlni hayron qoldiruvchi bir mo‘jizalari bor edi. Masalan Dovud a.s davrlarida temirchilik yaxshi rivojlangan edi. Ul zotning mo‘jizalari esa toshdan temirni ajratish va temir u kishining qo‘llarida xamirdek qorilishi edi. Yoki xuddi shuningdek Muso a.s davrlarida sehrgarlik rivojlangan.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam davrlarida ham she’r aytish, chiroyli gapirish qattiq rivojlangan edi. Ul zotga juda ko‘p mo‘jizalar berilgan lekin shulardan eng kattasi, aqlni eng ojiz, hayron qoldiradigani Qur’oni karimdir. Qur’oni karim iloxiy kitoblarning so‘nggisi bo‘lib, uning nomlaridan biri:
Qur’on – bu so‘zning lug‘aviy ma’nosi “o‘qimoq”, “qiroat qilmoq”dir. Musulmonlar kundalik hayotlarida undagi ahkomlarga amal qilish bilan birga, doim o‘qib turishga buyurilganliklari uchun bu kitob Qur’on deb nomlandi. Alloh taolo Qur’oni Karimni “Lavhul Mahfuz”dan bu dunyo osmonidagi Baytul Izzaga bir yo‘la tushirgan. Baytul izza dunyo osmonida va Ka’baning tepasida joylashgan uy bulib , uni farishtalar tavof qiladilar. Qur’oni Karimni Lavhul Mahfuzdan “Baytul Izza”ga bir yo‘la tushirilganiga dalildir.
Alloh taolo Qadr surasida:إِنَّا أَنْزَلْنَاهُ فِي لَيْلَةِ الْقَدْرِ (۱)
“Albatta , Biz U (Qur’on)ni Qadr kechasida tushirdik”, degan (1-oyat).
Oyati Karimada zikr qilinayotgan Qur’oni Karimning tushirilishi Lavhul Mahfuzdan bu dunyo osmoniga tushirilishidir. Bu ma’no Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan. Ana o‘sha hodisa Laylatul Qadr kechasida bo‘lganini ushbu oyati karima ochiq-oydin aytib turibdi. Demak ushbu oyati karimaning ma’nosi Biz Qur’onni Lavhul Mahfuzdan Qadr kechasida tushirdik , degan bo‘ladi.
Insoniyat tarixidagi bu ulkan hodisani tariflashga so‘z ojiz. Ko‘pchilik qo‘lidan kelganicha bu ishga urinib ko‘rgan. Ana o‘sha urinishlardan bir misol keltiramiz. Alloma Ismoil ibn Kasir rahmatullohu alayhi o‘z tafsirlarida bu haqda quydagilarni yozadi. “Qur’ondan nozil bo‘lgan avvalgi narsa ushbu muborak oyatlardir. Ular Alloh taoloning O‘z bandalariga ko‘rsatgan birinchi rahmatidir. Ularda insonni xalq qilish ”alaq”dan bo‘lganiga ishora bordir. Alloh taolo uni ilm ila sharofatladi va ulug‘ladi. Bu esa Odamning farishtalardan ustun qilgan narsadir”.
Qur’onda 114 ta sura bo‘lib, ulardan xar birining o‘z nomi bor. Ba’zi suralarning ismi suraning avvalidagi so‘zdan olingan. Ba’zilariniki esa o‘sha surada zikri ko‘proq kelgan narsalarning nomiga qo‘yilgan. “Abulqosim Jorulloh Mahmud ibn Umar Az-Zamaxshariy (vafotlari 1143 yil) “Al-Kashshof ” nomli mashhur tafsirlarida yozishlaricha Qur’oni karim 114 sura, 6666 oyat, 77.439 so‘z, 325.343 dona harflardan tarkib topgan. Bulardan 1000 oyat – diniy masalalar, 1000 oyat – va’da va va’idlar (Ollohning ogohlantiruvi, tahdid, qo‘rqituvlari), 1000 oyat – amir, buyruqlar, 1000 oyat – nahy, 500 oyat – hillu hurmat, 100 oyat – duo oyatlar, 66 oyat – nosix va mansuxdan iboratdir”.
Qur’on suralarining 95 tasi 13 yil davomida Hijratdan oldin Makka shahrida nozil bo‘lgan. Shu sababli Makkiy suralar deb aytiladi.Qolgan 19 ta sura 622-yil yuz bergan hijratdan keyin 10 yil davomida Madina shahrida nozil bo‘lgan. Shu sababli Madaniy suralar deyiladi.
Rizayev G‘ayrat - “Imom Termiziy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi.
“Imom Termiziy” O‘MITM matbuot xizmati
УЗ
РУ
EN
العربية
Izohlar