23.04.2026

HADISSHUNOSLIK ILMINING VUJUDGA KELISHI VA RIVOJLANISH TENDENSIYALARI

Hadis ilmi Islom ilmlarining eng muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. U Qurʼoni Karim bilan uzviy bogʻliq boʻlib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning soʻzlari, amallari, sifatlari va taqrirlarini oʻrganishni oʻz ichiga oladi. Ushbu ilmning vujudga kelishi va shakllanishi Islom tarixining dastlabki davrlaridan boshlangan. Alloh taolo Qurʼoni Karimni insoniyat uchun mukammal hidoyat manbai sifatida nozil qilgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa bu ilohiy kitobni amalda tatbiq etib, musulmonlarga toʻgʻri yoʻl koʻrsatganlar.

U Zotning har bir soʻzlari va amallariga nihoyatda katta eʼtibor qaratilgan, muborak hayot tarzi hamda nasihatlari moʻmin-musulmonlar tomonidan puxta oʻrganilib, avloddan avlodga saqlab kelingan. Shu sababli hadislar diniy taʼlimotlar, ibodatlar va kundalik hayotga oid amaliy masalalarni toʻgʻri yoʻlga qoʻyishda asosiy manbalardan biri sifatida qabul qilingan.

Hadisi shariflar Qurʼoni Karim bilan chambarchas bogʻliqdir. Shu bois Hadisi Nabaviy tarixi ham Qurʼoni Karim va Islom tarixi bilan uzviy birlikda qaraladi. Biz esa hadisni ilm sifatida uning shakllanish tarixi nuqtayi nazaridan oʻrganamiz. Hadis soʻzining istilohiy va lugʻaviy maʼnosi haqida Alloma Javhariy (rahimahulloh) oʻz “Sahih”larida: “Hadis bu ozmi-koʻpmi xabardir”3,- deganlar. Kimdir tarafidan yetkazilgan xabarni arablarda “hadis” deyish bor. 

Hadisning istilohiy maʼnosi borasida usul, kalom va hadis olimlari har xil fikr bildirganlar. Bu ixtilof haqiqiy emas, balki eʼtiboriy yoki lafziydir. Alloma Tohir ibn Solih al-Jazoiriy rahimahulloh oʻzlarining usul al-hadis borasidagi “Tavjix an-nazar ila usul al-asar” nomli kitoblarida ushbu ixtilofning hadis taʼrifida boʻlganligini qayd etganlar[1]. Bundan koʻrinadiki, bir emas, bir necha olimlar xilma-xil fiklar bildirib kelganlar, bu oʻz navbatida oʻrganilayotgan masalani muhimligini bildiradi. 

Hofiz Saxoviy (vafoti m. 1497) oʻzining “Fath al-mugʻiys” nomli kitoblarida:  “Hadis soʻzining lugʻaviy maʼnosi qadimning aksi”, degan, istilohda esa: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamninga bogʻlanadigan narsalar - u zoti sharifning gaplari boʻlsin, feʼllari boʻlsin, taqrir (iqrorlari) yoki sifatlari boʻlsin, hatto bedorlik va uyqudagi harakatlari va sukunatlari boʻlsin, bularning barchasi hadisdir”[2],– deganlar. Bu taʼrifdan hadis shunchaki gap-soʻz emas balki paygʻambarimizga tegishli boʻlgan bir necha ishlar tushinishini bildiradi. 

Hofiz ibn Hajar (vafoti m. 1449) oʻzlarining “Fath al-Boriy” nomli kitoblarida hadisni qadimning aksi sifatida baholab, “Qurʼon — Allohning kalomi, u esa qadimdir, yaʼni ibtidosi yoʻq azaliy sifatdir. Hadisga esa yangi, ibtidosi borligidan kelib chiqib nom qoʻyilgan”, — degan[3]. Bu yuqoridagi gapdan ham chuqurroq maʼnoga ega boʻlib,  Qurʼoni karim bilan boʻlgan farqiga ishora qilinmoqda. 

 Hadis ilmining taʼrifi: Alloma Badriddin Ayniy (r.a) “Sahihi Buxoriy”ga yozgan “Umdat al-qori” asarida hadis ilmiga shunday taʼrif bergan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning gaplari, feʼllari va ahvollari bilinadigan ilmdir”[4]. Bu taʼrifda qisqa tarzda aytilayotgan boʻlsada, asli juda katta mavzularni qamrab olgan.  Zero “Soʻzlari” deganda qovliy hadislar va uning turlari nazarda tutiladi, “Feʼllari” deganda ibodat va undan boshqa amaliy ishlari tushiniladi, “Ahvollari” deganda sifatlari va boshqalar tushiniladi. 

Hadis ilmining turlari:

 Hadis ilmining turlari borasida muhaddis Ibn al-Akfoniy oʻzining “Irshod al-qosid” degan kitobida hadis ilmi ikki qismga boʻlinishini yozadi. 

Birinchisi ilmi rivoyat al-hadis (hadisni rivoya qilish ilmi), ikkinchisi ilmi diroyat al-hadis (hadisni anglash, tushinish ilmi). 

Ilmi rivoyat al-hadisning taʼrifi bunday: “U Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning gaplarini, feʼllarini va holatlarini muttasil eshitish yoʻli bilan qilingan naqlini bilmoq va ularni egallash va yozishdir”[5]. Yaʼni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning soʻzlari, feʼllari va hollari naqlini bevosita eshitish bilan bilish. Ularni yozish hamda tahrir qilish bilan birga hadis rivoyati ilmining taʼrifi tushiniladi. Bu yerda hadisdan hukmlar chiqarish, hadisning sahihligi, zaifligi borasida bahs qilinmaydi. 

Endi hadis diroyati ilmining taʼrifi bunday: “U rivoyat turlarini, ularning hukmlarini, roviylarning shartlarini, rivoyat qilinganlarni qismlarga ajratishni va ularning maʼnolarini chiqarishni bildiradigan ilmdir”[6]. Yaʼni, ushbu ilmi diroyat alhadis shuki, u bilan rivoyatning turlari va ulardan ahkom olish navʼlari, roviylarning shartlari bilinadi. Roviylarning oʻziga yarasha shartlari, ishonchli yoki ishonchsiz ekanliklari bor, ana oʻshalar bilinadi. Shuningdek, rivoyatlarning sinflari sahih, hasan yoki zaif kabilar va ularning maʼnolarining anglash, yaʼni qanday qilib ahkom olish kabilar oʻrganiladi. 

Hadisni islomda tutgan oʻrni. Alloh taolo Kitobni asrab-avaylashni Oʻz zimmasiga olgan va Oʻzining paygʻambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga risolatni yetkazish va hikmatni saqlashni, odamlarga nozil qilingan narsani bayon qilishni va ularni toʻgʻri yoʻlga hidoyat qilishni topshirgan. “U zot risoladagi vazifalarini bajarib, xalqqa nasihat qilib, ularga Qurʼonni oʻqib, uni asrab-avaylash, yodlash va oʻz vaqtlaridagi mavjud boʻlgan barcha vositalar bilan yozma ravishda tasdiqlash uchun harakat qildilar. Hamrohlarining qalbiga hikmatni yoyib, ularga hidoyat qonunini tushuntirib, ularga halol va harom narsalarni tushuntirib berdilar. Parvardigorining taʼlimotlarini ularga yetkazish uchun koʻp mehnat qildilar va hadislarni eshitgandek yetkazishni buyurdilar. Unga qasddan yolgʻon soʻzlagan kishiga doʻzax azobini vaʼda qilgan”[7]. Islomni avvalidanoq hadislarni oʻrganish va talqin qilish sharafli boʻlishi bilan bir qatorda, juda katta masʼuliyat va omonat deb hisoblangan. 

Hadis ilmi maktablarining vujudga kelishi. Birinchi asrda islomiy shaharlarda hadis ilmi maktablari paydo boʻlgan, ular hijratning vatani, birinchi xulafoi-roshidinlar (toʻrt xalifa) davrida xalifalik poytaxti, muhojir va ansorlar, sahoba va ulamolar maskani boʻlgan Madinada boshlangan. Sahobalarning sunnatga boʻlgan munosabatlarini  muarrix D.Abboh shunday keltiradi: “Ular oʻzlarining umumiy xulq-atvorini Muhammad alayhissalomdan eshitganlarini harakatlari va sifatlaridan koʻrganlariga asoslashdi. Ular bu ilmni yoʻqotib qoʻyishdan xavotirga tushganlaridan keyin xalifa Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan hadisni yozib berishni soʻradilar, lekin u istixora qilib koʻrib, bunga izn bermadi. Alloh taoloning kitobiga biror narsa aralashib qolishidan ehtiyot boʻldi”[8]. Demak, sahobalar har qanday hadisga omonat va masʼuliyat oʻlaroq qaraganlar va boshqalarni beparvo boʻlishiga yoʻl qoʻymaganlar.   

Hadislarning yozilishi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qurʼoni Karimning xar bir oyatini yozdirib borish barobarida, avvalda sahobalarni hadislarni yozishdan qaytarganlar. Bunda asosan Qurʼonga boshqa gaplar aralashib ketishining oldini olish, musulmonlarning Qurondan chalgʻishlariga yoʻl qoʻymaslik kabi sabablar nazarda tutilgan edi. Qolaversa, yozish uchun kerakli vositalar boʻlmas, agar ular topilsa ham, yozishni biladigan sahobalar ancha kamyob edi. Agar bor imkoniyat Qurʼonga qaratilmasa, ayrim muammolar kelib chiqishi mumkin edi. Shu bilan birga, Qurʼoni Karim oyatma-oyat, maʼlum miqdorda nozil boʻlsa, hadislar ham shu asnoda sodir boʻlib turardi. Eng asosiysi, sahobalar boshqa arablar qatori maʼlumotlarni asosan yodda saqlashga oʻrgangan edilar. Ular uchun yozuvning ahamiyati uncha katta emas edi. Ammo, bu Nabiy sollallohu alayhi vasallamning davrlarida hadislar umuman yozilmagan, degani emas. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam keyinroq, mazkur muammolarning bir qismi bartaraf boʻlgach, baʼzi sahobalarga hadislarni yozishga izn berganlar va oʻzlari ham hisob-kitob, zakot, diyalarga oid ayrim hadislarni yozdirganlar. Misol uchun, Abdulloh ibn Amr ibn Oss (vafoti m.684–685) hadislarni yozib borardilar va u kishining sahifalar toʻplamini “Sodiq” (Rostgoʻy) deb atashardi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan (vafoti m. 678) quyidagicha rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini mendan koʻra yaxshiroq biladigan birorta ham kishi yoʻq. Abdulloh ibn Amr mustasno, chunki u yozar edi, men esa yozmas edim” (Imom Ahmad va Imom Bayhaqiy rohimahullohlar rivoyat qilgan).[9] Bundan koʻrinadiki, hadislarni yozish oʻsha vaqtni oʻzida ommalashgan boʻlmasada, ayrim sahobalar yozib borgan va bu ish boshqalardan maxfiy boʻlmagan hamda Paygʻambarimiz tomonlaridan uzil-kesil taʼqiq ham qoʻyilmagan. 

Hadislarni toʻplash va yozish. Qurʼoni Karimning jamlanishi nihoyalanib, qorilar koʻpayib, Qurʼon oyatlari hadislar bilan aralashib ketish xavfi bartaraf boʻlgach hadislarni yozish amaliyoti oʻrtaga chiqdi. Bu masalaga jamoatchilik tomonidan eʼtibor qaratildi. “Hijriy birinchi asrning oxiriga borib, sahobalarning koʻplari vafot etib ketgani va boshqa sabablarga koʻra hadislarning yoʻq boʻlishi xavfi tugʻildi. Buni oʻz vaqtida anglab yetgan buyuk xalifa Umar ibn Abdulaziz (xalifaligi h. 99-101, m. 717-719) hadislarni yozishga va jamlashga rasmiy ravishda buyruq berdi. Bu bilan hadislarni jamlashga birinchi boʻlib tashabbus qilgan shaxs sifatida tarixda qoldi”[10]. Shundan soʻng hadislarni yozma ravishda jamlash ishlari keng quloch yoydi. Islom olamining barcha yerlarida bunga bel bogʻlagan ulamolar yetishib chiqdi. Makkada birinchi boʻlib hadis jamlagan kishi Ibn Jurayj (vaf. 150 h.) boʻldi. Madinada Molik ibn Anas (vafoti m. 795) boʻldi. Basrada Hammod ibn Salama (vafoti m. 783) boʻldi.  Kufada Sufyon Savriy (vafoti m. 778) boʻldi.  Shomda Abu Amr Avzoviy (vafoti m. 774) boʻldi.  Xurosonda Abdulloh ibn Muborak Marvaziy (vafoti m. 797) boʻldi. Yamanda Muammar va boshqalar hadis toʻplash bilan tanildilar. 

Uchinchi hijriy asr hadis ilmining gullab-yashnagan oltin davri boʻldi. Bu vaqtda hadislarni yozish, ularni jamlash, tartibga solish va sahihlarini boshqalaridan ajratish ishlari oxiriga etkazildi. Shuningdek, aynan shu asrda sahobalar va tobeinlarning fatvolarini aralashtirmay, faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini yigʻib, ularni rivoyat qilgan sahobalarning nomlari ostida bir bobda jamlash boshlandi. Natijada “musnad” deb nomlangan hadis kitoblar vujudga kaldi. Bu borada birinchi boʻlib Abu Dovud Tayolisiy (vafoti m. 795) “Musnad Tayolisiy”ni, Imom Ahmad ibn Hanbal (vaf. 856 h.) oʻzining “Musnad”ini yozdi. Ibn Hanbalning “Musnad”i musnadlar ichida eng mashhuri, eng kattasi va foydasi eng koʻpi hisoblanardi. Ammo musnadlarda sahih hadislar ham, sahih boʻlmaganlari ham bor edi. 

 

“Nihoyat, hadis ilmida moʻminlar amiri, muhaddislar sultoni Muhammad ibn Ismoil Buxoriy (vafoti m. 870) hadis jamlashda yangi bir yoʻnalishga asos soldi. faqat sahih hadislarni oʻz ichiga olgan “Al-Jome as-sahih” kitobini yozdi va unda hadislarni boblarga ajratib, tartibga soldi. Keyin imom Buxoriyning shogirdi imom Muslim (vafoti m. 875) ham ustozi yoʻlidan borib, oʻzining mashhur kitobi “Sahihi Muslim”ni yozdi va bu kitob “Sahihul-Buxoriy”dan keyingi maqomni egalladi. Ushbu ikki hadis toʻplami musulmonlar tomonidan bir ovozdan Qurʼoni Karimdan keyingi eng toʻgʻri, ishonchli kitoblar deya tan olindi”[11]. Mana shu yoʻnalish boshqa muhaddis olimlarga hadis ilmida qilinishi zarur boʻlgan bir yoʻlni ochib berdi. Endilikda hadisni oʻrganmoqchi boʻlganlar sanadlari (hadis matnigacha boʻlgan roviylar ketma-ketligi) va istinboti (undan olinadigan hukmlari) bilan qiziqishlari ortib bordi.   

Doktor Muhammad al-Muxtor Vuld Abboh oʻzining “تاريخ  علوم الحديث الشريف في المشرق والمغرب”   deb nomlagan kitobida, hadis ilmining rivojlanish bosqichini quyidagicha kaltiradi: 

  • “Sahobai kiromlarning hadislarni qabul qilib olishlari va oʻzaro tarqatishlari 
  • Madinai munavvarada hadis maktablarining yuzaga kalishi. Yaʼni, hadislarni puxta oʻzlashtirgan sahobalar uylari yoki masjidlarda hadis ilmiga oid halqalar tashkil qilishlari 
  • Hadislarni qogʻozga tushirish va hadis kitoblarining yozilishi. Bu ishni eng birinchilardan boʻlib Muhammad ibn Shihab az-Zuhriy boshlab bergan, boshqalar davom ettirganlar 
  • Hadis kitoblarini taftish qilish. Bu bosqichda kitoblarga kirib qolgan zaif hadislarni aniqlash, hadis toʻquvchilarni fosh qilish kabi ishlar amalga oshirilgan 
  • Hadis ilmiga oid asarlarni saralash, hadislarni sharhlash asnosida kirib qolgan shubha-gumonlarni ketkazish kabi ishlar qilingan. Imom Shofiʼiy, Ibn Qutayba va Imom Tahoviy kabi muhaddislar aynan shu kabi ishlar bilan shugʻullanganlar 
  • Mustolahul hadis ilmining raydo boʻlishi. Bu bosqichda ulamolar hadislarni juda ham daqiq tushinish imkoniyatini beradigan, faqatgina hadis ilmiga xos boʻlgan istilohlar, atamalarni joriy qildilar. Sahih (ishonchli-sogʻlom), zaif (kuchsiz-kasal), mashhur (uchtadan oshmagan odam tomonidan aytilgan), aziz (ikkitadan oshmagan odam tomonidan aytilgan), munkar (ishonchli xabarga zid kalgan), hasan va boshqa shu kabi atamalar ishlab chiqilgan 

Xulosa: Hadis ilmining shakllanishi va rivojlanishi haqida soʻz yuritar ekanmiz, hadislarning Qurʼon bilan chambarchas bogʻliqligini va Islom tarixining muhim qismiga aylanishini taʼkidlash kerak. Hadislar - Muhammad sollallohu alayhi vasallamning soʻzlari, amallari, taʼriflari va hikmatlaridan iborat boʻlib, ular Islom ahkomlarini tushunish va amal qilish uchun muhim manba hisoblanadi. 

Hadisning shakllanishi. Hadislar Qurʼoni karimdan keyin Islomning asosiy manbai hisoblanadi. Ular Raygʻambar Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hayoti va faoliyatini oʻzida aks ettiradi. Dastlab, sahobalar hadislarni eshitish va yodlash orqali oʻrganishgan. Sahobalar hadislarni saqlashda katta masʼuliyatni his qilganlar. Chunki ularning bir hadisni notoʻgʻri rivoyat qilishlari Islomning taʼlimotini tushunishiga zarar yetkazishi mumkin edi. Shuning uchun bu narsa oʻta ehtiyotkorlik bilan, oʻta hushyorlik bilan eʼtibor qaratganlar. 

Hadislar Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hayoti davomida yozilmagan. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin hadislarni yozishga ehtiyoj sezila boshladi. Xalifa Umar ibn Abdulaziz rahmatullohi alayh  (xalifaligi h. 99-101, m. 717-719) hadislarni yozish va jamlashga rasmiy ravishda buyruq berdilar. Shundan soʻng, hadislar yozila boshlandi. va turli usullar bilan yigʻilgan hadislar jamlanib, bir necha asrlar davomida ularning toʻgʻriligi tekshirildi. 

Hadislarning jamlanishida ham sezilarli darajada amaliyotlar boʻlgan. Hijriy birinchi asrning oxirida hadislarning yozilishi va toʻplanishi muhim jarayon sifatida boshlanib, hadis ilmining ilmiy anʼanalari yaratildi. Bu davrda, hadislarni faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning soʻzlari bilan cheklab qoʻymay, U zotning faoliyatlari, soʻzlari va tasdiqlari ham yoziladigan boʻldi. Hadislarni jamlash va tasniflash ishlari Islom tarixining muhim bir bosqichi boʻlib, buning natijasida koʻplab ilmiy asarlar yaratildi, masalan, Imom Buxoriy va Imom Muslimning sahih hadislari hamda boshqa muhaddislar tomonlaridan yaratilgan ilmiy toʻplamlar bunga misol boʻladi.

Axmedov Muhammad Xodiy - Imom Termiziy nomidagi islom instituti o‘qituvchisi

 

Imom Termiziy NII matbuot xizmati
 

[1] Tohir ibn Solih al-Jazoiriy. Tavjix an-nazar ila usul al-asar. – Misr: Jamoliya, 1910. – B. 2–4.

[2] Shamsiddin as-Saxoviy. Fath al-mugʻis bi sharh Alfiyat al-hadis. – Riyoz: Dor al-Minhoj, 2005. – J. 1. – B. 14.

[3] Ibn Hajar al-Asqalaniy. Fath al-Boriy. – Riyoz: Doru Tayyiba, 2005. – J. 1. – B. 339.

[4] Badriddin al-Ayniy. Umdat al-qoriy sharhi Sahih al-Buxoriy. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 2001. – J. 25. – B. 33.

[5] Ibn al-Akfoniy. Irshod al-qosid. – Qohira: Dor al-fikr al-arabiy, 1990. – B. 155.

[6] Ibn al-Akfoniy. Irshod al-qosid. – Qohira: Dor al-fikr al-arabiy, 1990. – B. 156.

[7] D. Muhammad al-Muxtor Vuld Abboh. Tarix al-ulum al-hadis ash-sharif fil Mashriq wal Magʻrib. – Magʻrib: As-Saqofa, 2010. – B. 9.

[8] D. Muhammad al-Muxtor Vuld Abboh. Tarix al-ulum al-hadis ash-sharif fil Mashriq wal Magʻrib. – Magʻrib: As-Saqofa, 2010. – B. 12.

 

[9] Oltin silsila. Sahih al-Buxoriy. Tahririyat kengashi: M. Ahmadjonov va boshq. – Toshkent: Hilol-Nashr, 2012. 

[10] Oltin silsila. Sahih al-Buxoriy. Tahririyat kengashi: M. Ahmadjonov va boshq. – Toshkent: Hilol-Nashr, 2012. – B. 26

[11] Oltin silsila. Sahih al-Buxoriy. Tahririyat kengashi: M. Ahmadjonov va boshq. – Toshkent: Hilol-Nashr, 2012. – B. 27

Izoh qoldirish

Izohlar