06.03.2023

TINCHLIK VA XOTIRJAMLIK ULUG‘ NE’MAT

Ma'lumki, insoniyat hayoti davomida turli mafkura va maslak o‘rtasidagi ziddiyat va qarama-qarshiliklarni boshidan kechirgan. Buning oqibatida o‘zaro kelishmovchiliklar, notinchliklar yuzaga kelib turgan. Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga, ilmiy salohiyatning yuqori boʻlishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng katta ne'mat ekanligini ta'kidlab shunday deganlar: 
“Ikki ne'mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. U  xotirjamlik va sihat-salomatlik”. (Imom Buxoriy rivoyat qilgan). 
Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh ta'oloning behisob bo‘lgan buyuk ilohiy ne'matlaridan biridir. Qolaversa, barcha ezgu ishlar ro‘yobga chiqishining boisi ham osoyishtalikdadir. Shunday ekan, insonlar nafaqat mavjud tinchlikni qadriga yetib, shukrini ado etishlari balki, unga noshukrlik qilib putur yetkazishdan ham saqlanishlari lozim.
Muhammad (s.a.v.) bilan sahobalar bir kuni suhbatlashib o‘tirganlarida, sahobalardan birlari Yo Rasululloh (s.a.v.) biz Alloh taolodan duo qilib so‘raganimizda ko‘proq nimani so‘raylik deb savol qilishganda, janobimiz, habibimiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolodan ofiyat (tinchlik, xotirjamlik)ni so‘ranglar” deb aytgan so‘zlari ham, insoniyat uchun bu ne’matlar nechog‘lik muhim ekanligiga dalolat qiladi. Tinch bo‘lib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish esa, tinchlikni davomiy bo‘lishi uchundir. Bu xususida Qur’oni Karimda shunday deyilgan:
وَإِذْ تَأَذَّنَ رَبُّكُمْ لَئِنْ شَكَرْتُمْ لَأَزِيدَنَّكُمْ وَلَئِنْ كَفَرْتُمْ إِنَّ عَذَابِي لَشَدِيدٌ.
Ya’ni: “Yana Robbingiz e’lon qilgan (bu so‘zlar)ni eslangiz: “Qasammki, agar (bergan ne’matlarimiga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukurlik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir” deb marhamat qilgan. (Ibrohim surasi 7-oyat).
Shu oyati karimadan bilinadiki bu ulugʻ neʼmatlar uchun shukr qilishimiz, Alloh taolodan yanada ziyoda qilishini soʻrashimiz kerak.
Alloh taolo Qur’oni Karimning “Moida” surasida shunday degan:
…وَتَعَاوَنُوا عَلَى الْبِرِّ وَالتَّقْوَى وَلَا تَعَاوَنُوا عَلَى الْإِثْمِ وَالْعُدْوَانِ وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ.
ya’ni: “… Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” – deyilgan. (Moida – 2). 
Ushbu oyatga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ezgu niyat yo‘lida hamkorlik qilish yer yuzida tinchlik va xotirjamlikning barqaror bo‘lishiga bosh omillaridan ekanligiga targ‘ib qilingan.

 

 

 Uralov Abdulaziz - Imom Termiziy oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi 3- bosqich talabasi

Izoh qoldirish

Izohlar