Koʻngillarga quvonch-u surur olib kirish har birimiz uchun ham qarz, ham farzdir
EZGU AMALLAR IFODASI
Muqaddas dinimiz kishilarni bir-biriga yaxshilik qilishga, mehr-muruvvat va saxovat koʻrsatishga chaqiradi. Ayniqsa, Ramazon oyida bu kabi insoniy qadriyatlar yanada keng quloch yozib, koʻngillarga surur va shukuh olib kiradi.
Ushbu muborak oyda moʻmin kishi roʻza tutish bilan birga, koʻproq toat-ibodat, tilovat, zikrlar qiladi. Yaqinlari hamda doʻst-u yorlarini ziyorat qilib, ularga ezgu tilaklarini bildiradi. Eng muhimi, ehtiyojmand va kam taʼminlanganlarga xayr-ehson ulashib, koʻnglini koʻtarish harakatida boʻladi. Zotan, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ham saxovatlari Ramazon oyida avvalgidan-da ziyodalashar edi.
Ibn Abbosdan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam barcha insonlar ichida eng saxovatlisi edilar. Ramazonda Hazrat Jabroil alayhissalom bilan uchrashganlarida saxovatlari yanada ortar edi. Hazrat Jabroil alayhissalom janob Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan har kecha uchrashib, Qurʼonni muzokara qilar edilar. Hazrat Rasululloh xayrli ishda kuchli shamoldan ham tez edilar”.
Demak, saxiylik, qoʻli ochiqlik hamda yetim-yesir, kambagʻallarga koʻmak berish kabi fazilatlar bizga Paygʻambar alayhissalomdan meros. Bu ezgu anʼanalar bugungi kunda davom ettirilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan 2023-yil “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb eʼlon qilingani ham yurtimizda inson qadri naqadar ulugʻ ekanidan dalolat beradi. Qolaversa, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi tizimli ishlar ham tahsinga loyiq.
Ayniqsa, davlatimiz rahbarining shu yil 17-fevral kuni Buxoro viloyatiga tashrifi asnosida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarovning kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan, ehtiyojmand oilalar hamda nogironligi boʻlgan shaxslarni Umra ziyoratiga joʻnatish toʻgʻrisidagi iltimosiga rozilik bergani xalqimiz tomonidan katta xursandlik va zoʻr quvonch bilan kutib olindi.
Oradan qisqa fursat oʻtib, Prezidentimizning alohida gʻamxoʻrligi va yaqindan qoʻllab-quvvatlashi bilan 1400 nafar ehtiyojmand yurtdoshimiz muqaddas Umra safariga yoʻl oldi. Ushbu muborak safar uchun xarajatlar davlatimiz tomonidan qoplab berilmoqda.
Yurtdoshlarimiz Jidda xalqaro aeroportida ishchi guruh hamda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda qizgʻin kutib olinib, mehmonxonalarga joylashtirilmoqda.
Ziyoratchilar Madina va Makka shaharlarida barcha zarur qulayliklarga ega shinam mehmonxonalarda istiqomat qilyapti. Ushbu turargohlarda Umra ibodati tadbirlari tashkil etilyapti.
Umra ziyoratchilariga keng qulaylik yaratish maqsadida ishchi guruh, guruh rahbarlari, tibbiyot xodimlari uzluksiz xizmat koʻrsatmoqda. Madina va Makkadagi mehmonxonalarda tibbiy xizmat xonasi ham faoliyat yuritmoqda.
Umra ibodatini ado etayotgan ehtiyojmand fuqarolarimiz koʻp yillik orzulari ushalganidan xushnud boʻlib, shunday saodatli kunlarga yetkazgani uchun Alloh taologa cheksiz hamd-u sanolar aytmoqda. Bu xayrli ishlarning boshida turgan davlatimiz rahbarini duolar qilmoqda. Shu kezlarda ularning qalbi shukronalik hissiga toʻlib, hayotdan mamnun va masrur ekanini namoyon etyapti.
Prezidentimiz topshirigʻiga binoan, ushbu muqaddas oyda umra ziyoratiga ketgan kam taʼminlangan yurtdoshlarimizning oilasidan xabar olinib, ularga Ramazon xayr-u ehsonlari ulashilmoqda. Yashash sharoitlarini yaxshilash, moddiy va maʼnaviy tomondan qoʻllab-quvvatlash ishlariga katta eʼtibor qaratilyapti. Zotan, musulmon kishi muhtojlarga koʻmak koʻrsatishi, ularning ogʻirini yengil qilishi ulugʻ fazilat hisoblanadi.
Bundan tashqari, imom-domlalar mahalla masʼullari va mahalliy hokimiyat organlari vakillari bilan hamkorlikda aholining kam taʼminlangan qatlamiga iftorlikka sarflanadigan mablagʻlar va oziq-ovqat mahsulotlarini tarqatmoqda. Ularning uylarida iftorlik dasturxoni yozib, koʻnglini koʻtarishga harakat qilinyapti.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Kim roʻzador kishiga iftorlik qilib bersa, u kishiga ham roʻza tutganning ajridek savob beriladi. Bu bilan roʻzadorning ajridan hech bir narsa kam boʻlmas”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati). Ushbu hadisdan iftorlik qilib berishning naqadar ulugʻ ekani anglashiladi.
Qurʼoni karimning “Baqara” surasi 271-oyatida esa bunday deyiladi: “Sadaqalaringizni agar oshkora bersangiz, juda yaxshi. Bordi-yu, kambagʻallarga pinhona bersangiz, oʻzingiz uchun yanada yaxshiroqdir va (U) gunohlaringizdan oʻtar. Alloh qilayotgan (barcha) ishlaringizdan xabardordir”.
Ramazon oyida qilingan sadaqa eng yaxshi sadaqadir. Shuning uchun kam taʼminlangan oilalarga Ramazon quvonchi va sururini olib kirish har birimiz uchun ham qarz va ham farzdir.
Homidjon ESHMATBEKOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi oʻrinbosari
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2023-yil 28-mart, 59-son
Izohlar