ILM-IBODATDIR
Inson zotini ilm bilan jamiyki yaratilganlardan ortiq qilgan Alloh taologa hamdu sanolar bo'lsin!
Insoniyatni ilm sari undagan Rasulimiz va habibimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga salovot –u durudlar bo`lsin!
O`z dindoshlariga ilm olish haqidagi ta`limotlarni omonat ila naql qilgan sahobai kiromlarga Alloh taoloning roziligi bo'lsin!
Ilm- yaratganning inson ongiga, tafakkuriga joylagan shunday bebaho ne'matidirki, uning sharafidan bandalari ikki dunyo saodatiga erishadi. Buyuk bobokalonimiz Imom Buxoriy hazratlari aytmishlarki: "Ilmdan oʻzga najot yoʻq va boʻlmagay". Darhaqiqat, inson hayotining ibtidosidan to intihosiga qadar shu najotga talpinadi, ehtiyoj sezadi.
Olimlar “Ilm ichki namozdir , qalb ibodatidir ”, deb bejiz aytishmagan. Ibodatning birinchi sharti esa niyatni xolis Alloh taolo uchun qilmoqdir . "Holbuki , ular faqat yagona Allohga , u zot uchun dinni xolis qilgan , To`g`ri yo`ldan og`magan hollarida ibodat qilishga buyrilgan edilar” (Bayyina surasi, 5-oyat).
Mo`minlar amiri Umar ibn Xattob rivoyat qilgan mashhur hadisda Payg`ambar alayhissalom: “Amallar niyatga qarab o`lchanadi ”, deydilar.
Agar ilm niyat xolisligidan ajralib qolsa, eng afzal toatdan eng mudhish ma`siyatga aylanadi.
Riyokorlik, obro`parasatlik va shuhratparastlik kabi illatlar ilmni vayron qiladi.
Bas, modomiki , tolibi ilm bo`lishga azm aylab, shu yo`lga qadam bosgan ekansiz , avvalo , niyatingizni shuhrat qozonish , tengdoshlardan ustun bo`lish kabi ofatlardan xalos eting!
Ilmni mol-dunyo, obro`-e`tibor , shon- shuhrat , olqishlar-u qarsaklar kabi arzimas narsalarga qurbon qilib yubormang!
Bunday illatlar , mag`zavalar ilmni bulg`ab, barakasini o`chirib yuborishini har on yodingizda tuting! Niyatingizning xolis Alloh talo uchun bo`lishini himoya qilishda hormay tolmay kurashing!
Ibodatning ikkinchi sharti esa dunyoyu oxirat saodatiga eltuvchi xislat bo`lmish Alloh taolga va Payg`ambar alayhissalomga bo`lgan muhabbatdir bu muhabbat har qadam va har nafasda u zotning izidan bormoqlik ila namoyon bo`lur.
Ayting (ey Muhammad ): “Agar Allohni sevsangiz, menga ergashinglar. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag`firat qiladi…” (Oliy imron surasi,31-oyat)
Aziz o`quvchi! Mana, sizlar ilm atalmish bebaho dur ishqida darsda o`tirar ekansizlar, avvlo, sizlarga ham, o`zimga ham botinda-yu zohirda Alloh taolodan taqvo qilishni tavsiya etaman. Zero, fitnalardan asrovchi qalqon taqvodir.
✍️Boboqulov Imomiddin- Imom Termiziy o`rta maxsus islom ta`lim muassassasi o`qituvchisi
Izohlar