SHANXAY HAMKORLIK TASHKILOTINING MAQSAD VA VAZIFALARI
Maʼlumki, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) bugungi kunning eng dolzarb muammolarini samarali hal qilishda, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlashda katta hissa qoʻshib kelayotgan nufuzli xalqaro tashkilot hisoblanadi.
1996-yilda “Shanxay beshligi” nomi bilan tashkil etilgan hamda 2001-yili Oʻzbekistonning aʼzo boʻlib kirishi bilan “Shanxay hamkorligi tashkiloti” nomini olgan mazkur tuzilmaning asosiy maqsadi aʼzo davlatlar oʻrtasida oʻzaro doʻstlik, ishonch va yaxshi qoʻshnichilik muhitini mustahkamlash hamda siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy, shuningdek, xavfsizlik, energetika, transport, turizm, atrof-muhitni muhofaza qilish va boshqa ustuvor sohalardagi samarali hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.
Shuningdek, mintaqaviy xavfsizlikni kafolatli taʼminlash, terrorizm, ekstremizm, ayirmachilik va giyohvand moddalarining noqonuniy savdosiga qarshi kurashish tashkilotning asosiy vazifalari sirasiga kiradi. Shuni alohida taʼkidlash joizki, tashkilot “Shanxay ruhi” negizida tashkil qilingan boʻlib, ushbu tamoyil oʻzaro ishonch, manfaat, tenglik, maslahatlashuv, madaniy xilma-xillikni hurmat qilish, umumiy taraqqiyotga intilish kabi asosiy qoidalarni oʻzida muajassam etadi. “Shanxay ruhi” tashkilotga aʼzo davlatlarning siyosiy, harbiy va iqtisodiy qudrati har-xil oʻlchamda boʻlishiga qaramay, ularning barchasi teng va hamjihatligini bildiradi.
SHHTning umumiy makoni Yevrosiyo hududining 60 foizini egallaydi. Ushbu tashkilotga aʼzo davlatlarning yalpi ichki mahsuloti jahon yalpi ichki mahsulotining qariyb 23 foizini tashkil qiladi. Oʻzbekiston ana shunday nufuzli tashkilotning teng huquqli aʼzosi sifatida u bilan oʻzaro aloqalarini mustahkamlashga katta eʼtibor qaratib kelmoqda. “Shanxay Hamkorlik Tashkiloti bilan aloqalarning rivojlanishi Oʻzbekiston tashqi siyosatining muhim yoʻnalishi boʻlib qoladi”, - dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020-yil yanvar oyida Oliy Majlisga Murojaatnomasida.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston SHHT doirasida yangi hamkorlik platformalarini ishga tushirish boʻyicha qator tashabbuslarni ilgari surdi: Prezident farmoni bilan Toshkentdagi SHHT Xalq diplomatiyasi markazi ochildi, Tashkilotga aʼzo davlatlar temir yoʻl maʼmuriyatlari rahbarlarining uchrashuvlari mexanizmi yoʻlga qoʻyildi, Samarqanddagi Ipak yoʻli xalqaro turizm instituti barpo etildi. Bu poytaxtimizda muqaddam ochilgan Mintaqaviy aksilterror tuzilmasiga qoʻshimcha tuzilmalar sifatida Oʻzbekistonning ahamiyatini yanada kuchaytiradi.
Xulosa qilib aytganda, oʻtgan davrda SHHT oʻzini samarali mexanizm sifatida namoyon etib, siyosat va xavfsizlikdan iqtisodiy va ijtimoiy hamkorlikkacha boʻlgan keng qamrovli masalalarni oʻz ichiga olgan mintaqaviy muammolarning butun bir majmuini hal etishga qodir xalqaro forum sifatida jahon siyosat sahnasidan mustahkam oʻrin egalladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Imom
Termiziy o‘rta maxsus ta’lim muassasasi
Ma’naviy-marifiy ishlari bo‘yicha direktor
o‘rinbosari v.b. Jo‘raev Akram Namozovich
Izohlar