BUGUN O‘ZBEKISTON DUNYO NIGOHIDA
Ma’lumki, shu kunlarda Samarqandda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT)ning navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tmoqda.
So‘ngi 5 yil mobaynida Oʻzbekiston tomoni 30 dan ortiq tashabbusni ilgari surdi. Bu ancha jiddiy va katta koʻrsatkich hisoblanadi. Eng muhimi, Oʻzbekiston tashkilot doirasida oʻz tashabbuslari shunchaki eʼlon qilmasdan, balki ularni amaliy chora-tadbirlar orqali hayotga faol joriy etayotgani bilan ajralib turibdi.
SHHT Davlat rahbarlari kengashining 2020-yil oktyabr oyida Rossiya Federatsiyasi raisligida boʻlib oʻtgan navbatdagi sammitida davlatimiz rahbari pandemiya sharoitida “Shanxay ruhi”ni mustahkamlashning muhimligiga katta eʼtibor qaratib, global xatar va tahdidlarni yaxshi qoʻshnichilik, teng huquqlilik, oʻzaro ishonch va manfaatlarni hisobga olish yoʻli bilan yengish mumkinligini taʼkidladi. “Har birimiz kuchli boʻlgan taqdirdagina, SHHT ham kuchli boʻladi, – deb alohida taʼkidladi. Prezidentimiz. – Buning uchun bir-birimizni qoʻllab-quvvatlashimiz, kun tartibimizdagi asosiy masalalarga birgalikda murosa izlashimiz, ayniqsa, muhim ahamiyatga ega”.
O‘zbekiston SHHT faoliyatini yangi mazmun bilan toʻldirish, mintaqalararo transport va tranzit yoʻlaklarini yaratish, innovatsion va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, iqtisodiy oʻsishning yangi nuqtalarini izlash, iqlim va ekologik tahdidlarga qarshi kurashda aʼzo davlatlarning saʼy-harakatlarni birlashtirish kabi istiqbolli yoʻnalishlarga katta eʼtibor qaratmoqda.
Kun tartibidan terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurash boʻyicha hamkorlik dasturi, xalqaro axborot xavfsizligini taʼminlash masalasi boʻyicha harakatlar rejasi, pandemiyaning ijtimoiy-iqtisodiy salbiy oqibatlarining oldini olish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar rejasi, sayyohlik va madaniyat poytaxtlari haqidagi nizom, shuningdek boshqa xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlik boʻyicha anglashuv memorandumlarini tasdiqlash oʻrin olgan.
Umuman, Sammit yakuni va uning doirasida qabul qilinishi kutilayotgan barcha muhim hujjatlar “Shanxay ruhi”ni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Davlat rahbarlari, shuningdek, Afgʻonistondagi murakkab vaziyatni keng muhokama etishlari kutilmoqda. Chunki ushbu davlatda tinchlikni oʻrnatish SHHTning barcha aʼzolari uchun strategik masaladir. Sammit – ushbu muammoni muhokama qilish uchun juda qulay diplomatik “maydon” hisoblanadi. Xususan, Afgʻoniston bilan oʻzaro munosabatlar, jafokash afgʻon xalqiga har tomonlama yordam va koʻmak berishni kuchaytirish bilan bogʻliq barcha masalalar atroflicha muhokama qilinishi kutilmoqda.
Oʻz navbatida, yurtimiz tomoni ushbu masalaga jiddiy eʼtibor qaratib, kelgusida Afgʻonistonga ijtimoiy-iqtisodiy yordam koʻrsatishning aniq dasturini ishlab chiqish taklifini ilgari surmoqda. Hozirda mamlakatimiz gumanitar inqirozga yoʻl qoʻymaslik uchun bu davlatga zaruriy oziq-ovqat, neft va elektr energiyasini yetkazib berishda davom etmoqda.
Mamlakatimiz mazkur obroʻli tuzilma doirasida doimo yangi xavf va xatarlarga qarshi kurash, savdo va iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlik boʻyicha qoʻshma salohiyatlarni oshirishga, aholi farovonligini koʻtarishga, sanoat kooperatsiya jarayonlariga, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga, transport-kommunikatsiya aloqalarini mustahkamlashga jiddiy ahamiyat qaratib keladi.
Xulosa qilib aytganda, bu juda masʼuliyatli va sharafli vazifa boʻlib, tobora ortib borayotgan Oʻzbekistonning xalqaro nufuzi va taʼsirini yanada kuchaytirish uchun juda muhim imkoniyatdir. Qolaversa, hozirgi vaqtda butun dunyoda va mintaqada kechayotgan fundamental oʻzgarish va tendensiyalarni inobatga olsak, Oʻzbekiston SHHT orqali bu jarayonlarga bevosita taʼsir koʻrsatish imkoniyatiga ham ega boʻladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Imom
Termiziy o‘rta maxsus ta’lim muassasasi
Ma’naviy-marifiy ishlari bo‘yicha direktor
o‘rinbosari v.b. Jo‘raev Akram Namozovich
Izohlar