15.09.2026

Termizdan nur taralmoqda

Buyuk allomalar an’anasi Termiz zaminida yangi bilim dargohlari — madrasa va institut orqali davom etmoqda

Qadim va navqiron Termiz shahri jahon ilm-fani tarixida chuqur iz qoldirgan ko‘plab buyuk allomalarni yetishtirgan muqaddas zamindir. Asrlar osha bu tuproq nafaqat Movarounnahr, balki butun musulmon olami uchun ilm-ma’rifat manbayi bo‘lib xizmat qilib kelgan. “Sunani Termiziy” muallifi, hadis ilmining oltita mo‘tabar to‘plamidan biri sanalgan asarning muallifi Imom Termiziy, tasavvuf ilmining yirik namoyandasi va “Hakim ul-avliyo” unvoniga sazovor bo‘lgan Hakim Termiziy hamda o‘nlab boshqa termiziy muhaddis-mutafakkirlar aynan shu tuproqda kamolga yetgan. Bugungi kunda ularning umumiy nomi bilan “Termiziylar” deb ataluvchi bu ilmiy maktab merosini asrab-avaylash, chuqur o‘rganish va yosh avlodga to‘g‘ri yetkazish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan so‘nggi yillarda bu boradagi ishlar yangi, tizimli bosqichga olib chiqildi. Buning yorqin dalili sifatida Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi Iso Termiziy maqbarasining obodonlashtirilgani, Termiz shahrida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilgani hamda 2024-yil 15-avgustda qabul qilingan “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to'g'risida”gi Prezident Qarorini ko‘rsatish mumkin. Bu qaror nafaqat bir yubiley tadbiri, balki milliy ma’naviy merosni tizimli tarzda tiklash va kelajak avlodlarga yetkazishning uzoq muddatli dasturi sifatida ahamiyatlidir. Ammo bu islohotlarning eng barqaror va uzoq muddatli natijasi — Termiz shahrida shakllangan yaxlit ta'lim zanjiri, ya'ni «Imom Termiziy» o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi va uning uzviy davomi bo‘lgan Imom Termiziy nomidagi islom institutidir. Aynan shu ikki muassasa orqali allomalar merosi endilikda nafaqat kitob va maqolalarda, balki tirik ta’lim jarayonida — ustoz va shogird munosabatlarida davom etmoqda.

Ilm boshlanadigan maskan

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 17–18-oktabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida bergan aniq topshirig‘i ijrosi sifatida Termiz shahrida «Imom Termiziy» o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi — yangi madrasa tashkil etildi. Ta’lim maskani 2020-yil 8-iyunda O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufida faoliyat yurita boshladi. Madrasaning tashkil etilishi shunchaki ma’muriy qaror emas, balki mintaqada diniy ta’limning yangi, zamonaviy talablarga javob beradigan bosqichga o‘tishining boshlanishi bo‘ldi.

Madrasada o‘rta maxsus diniy ma‘lumotli islom shariati va hadis ilmlari bo‘yicha mutaxassislar, jumladan imom-xatiblar tayyorlanadi. Bu yerga umumiy o‘rta ta’lim yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasasini tamomlagan yoshlar qabul imtihonlari asosida o‘qishga qabul qilinadi. O‘quv jarayonida diniy fanlar bilan bir qatorda zamonaviy umumta’lim fanlariga ham alohida e’tibor qaratiladi, bu esa bitiruvchilarning nafaqat diniy, balki keng dunyoqarashli mutaxassis sifatida shakllanishini ta’minlaydi. 2020–2021-o‘quv yilidan faoliyat boshlagan madrasa 2023–2024-o'quv yilida o‘zining ilk bitiruvchilarini kamolga yetkazdi — bu esa Termiz zaminida buyuk allomalar an’anasini davom ettiruvchi yangi avlod diniy ziyolilarining shakllana boshlaganidan nishonadir.

Madrasadan — institutga

Bilim zanjirining navbatdagi, yuksak bosqichi 2024-yilda paydo bo‘ldi: «Imom Termiziy» o‘rta maxsus islom ta'lim muassasasining uzviy davomi sifatida Imom Termiziy nomidagi islom instituti tashkil etilib, O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro'yxatidan o‘tkazildi. Shu bilan Termiz shahrida o‘rta maxsus diniy ta’limdan boshlab oliy diniy ta’limgacha bo‘lgan bosqichma-bosqich, uzluksiz ta’lim tizimi vujudga keldi. Bunday uzluksizlik talabalarga o‘z bilim va malakalarini izchil rivojlantirish, bir muassasadan ikkinchisiga o‘tishda vaqt va imkoniyat yo‘qotmaslik imkonini beradi.

Institutda o‘qish muddati to‘rt yil bo‘lib, bakalavr darajasidagi oliy diniy ma’lumotli hadis ilmlari, diniy fanlar va arab tili bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanadi. O‘qishga kirish uchun abituriyentlar madrasani tamomlaganligi to‘g‘risidagi hujjat (diplom)ga ega bo‘lishi, shuningdek arab tili, aqoid va fiqh hamda O‘zbekiston tarixi fanlaridan qabul imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirishi talab etiladi. 2024–2025-o‘quv yilida institutga birinchi bor talabalar qabul qilinishi mamlakatimizda oliy diniy ta’lim muassasalari safi yana bir yangi, nufuzli dargoh bilan boyiganidan darak beradi.

Shunday qilib, madrasa va institutdan iborat bu ikki muassasa termiziy allomalar merosini nafaqat nazariy jihatdan o'rganish, balki uni amaliy davom ettirish — ya’ni ilmli, zamonaviy bilimli va diniy saviyasi yuksak yangi avlod mutaxassislarini voyaga yetkazish vazifasini bajarmoqda. Bu esa buyuk ajdodlarimiz merosini kelajak avlodlarga yashovchan an’ana sifatida uzatishning eng ishonchli yo‘lidir.

Ilm-fan va xalqaro e'tirof

Termiz shahridagi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ham bu yo‘nalishda muhim o‘rin tutadi. 2017-yildan buyon faoliyat yuritayotgan markazda qirqqa yaqin ilmiy xodim termiziy allomalarning qo‘lyozma va toshbosma asarlarini o‘rganib, elektron bazaga kiritmoqda, xalqaro ilmiy jurnal va konferensiyalarda ikki yuzdan ortiq maqola chop ettirgan. Markaz asosan ilmiy-tadqiqot va manbashunoslik bilan shug‘ullansa, madrasa va institut esa aynan shu ilmiy merosni davom ettiruvchi yangi kadrlarni tayyorlaydi. Bu ikki yo'nalish — tadqiqot va ta’lim — bir-birini to‘ldirib, yaxlit ilmiy ekotizimni shakllantirmoqda.

2024-yil oktabr oyida Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligi keng nishonlanib, Toshkent va Termiz shaharlarida xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazildi. Ularda yurtimiz va xorij olimlari termiziy allomalarning ilmiy merosi hamda uning bugungi ahamiyati haqida fikr almashdilar. Shu munosabat bilan Imom Termiziyning ikkita yirik asarini akademik tarjima qilish va sharhlash ishlari ham boshlab yuborildi. Bunday xalqaro tadbirlar O‘zbekistonning diniy va ilmiy merosini jahon hamjamiyatiga tanitishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Xullas, Termiz zaminidan yetishib chiqqan buyuk allomalar merosi bugungi kunda nafaqat asrab-avaylanmoqda, balki yangicha nafas bilan boyitilib, kelgusi avlodlarga izchil tarzda uzatilmoqda. Bunga eng yaqqol misol — «Imom Termiziy» o‘rta maxsus islom ta'lim muassasasi va uning uzviy davomi bo'lgan Imom Termiziy nomidagi islom institutida tahsil olayotgan yosh avlod vakillaridir. Ular ertaga xuddi ajdodlari kabi ilm-ma'rifat mash’alini yana olg‘a olib chiqishadi, degan ishonch bor.

 

Imomiddin Boboqulov – “Imom Termiziy” O‘MITM, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari

 

“Imom Termiziy” O‘MITM matbuot xizmati

Izoh qoldirish

Izohlar