ILM-MAʼRIFAT, OGOHLIK, HUSHYORLIK jaholatga qarshi kurashishda mustahkam poydevordir
MUNOSABAT
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yil 17-fevral kuni Buxoro viloyatiga tashrifi chogʻida Bahouddin Naqshband majmuasini ziyorat qilib, din sohasi vakillari, ulamolar bilan ochiq va samimiy suhbat qurgani bejiz emas. Zero, Buxoro ilm-maʼrifat va ilohiyotning rivojlanishiga ulkan hissa qoʻshgan, Oʻrta asrlar musulmon olamida “Qubbat ul-islom” (“Islom dinining gumbazi”), “Buxoroi sharif” (“Sharofatli shahar”) nomlari bilan shuhrat topgan. Bu goʻshada azaldan ilm-fan ziyosi charaqlab turadi.
Yer yuzida sharif shaharlar sanoqli. Buxoro – ana shunday yuksak maqomga ega boʻlgan durdona oshiyonlardan biri. Buxoroi sharif – “Ilm maskani”, “Zeb-u ziynat shahri”, “Faxrli shahar”, “Ochiq shahar”, degan maʼnolarni ham anglatadi.
Davlatimiz rahbari har safar Buxoroga tashrif buyurar ekan, koʻhna va hamisha navqiron kentning ana shunday fayz-u tarovatidan mutaassir boʻladi. Bu tabarruk zaminda paydo boʻlib, butun dunyoga keng yoyilgan ilm-fan, maʼrifat nurlaridan xalqimizning bahramandligini yanada oshirish boʻyicha qator taklif va tashabbuslarni ilgari suradi.
Prezidentimiz bu safargi ulamolar bilan suhbatda ham din sohasida erishayotgan yutuqlarimizni, mavjud salohiyatni ezgu maqsadlarimiz yoʻliga safarbar etish, bu borada buyuk bobolarimiz merosiga tayanish, diniy taʼlimni amaliyot bilan bogʻlash lozimligiga urgʻu berdi:
– Oxirgi yillarda hamma sohalar qatori din boʻyicha ham ochiqlik, erkinlik berildi, bir nechta ilmiy markazlar tashkil etdik. Lekin bulardan xalqimizga nima manfaat boʻlayapti? Manfaat shunday boʻlishi kerakki, bu salohiyatni jamiyatga yetkazish kerak. Buxoriy, Moturidiy, Margʻinoniy kabi buyuk bobolarimiz merosiga tayangan holda jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish zarur. Buning uchun diniy taʼlimni amaliyot bilan bogʻlash, ilmiy markazlarimizni dunyoda yetakchilarga aylantirish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Haqiqatan ham, ushbu ezgu yoʻlda barcha imkoniyat va sharoitlarimiz bor. Alloh taologa shukrki, yurtimiz taraqqiyotining yangi davrida buyuk mutafakkirlar merosini asrab-avaylash, tadqiq etish va xalqimizga yetkazish ishlari keng jabhada amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan keyingi olti yilda faoliyat boshlagan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari bu borada yangi ufqlarni ochmoqda.
Buyuk allomalarimiz asarlari nafaqat mintaqamiz, balki butun musulmon dunyosi uchun hidoyat mayogʻidir. Shu bois, ularning ilmiy merosini, qoldirgan bitiklarini oʻrganish va kelajak avlodga yetkazish oldimizda turgan eng muhim vazifalardan sanaladi.
Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Burhoniddin Margʻinoniy, Abu Muin Nasafiy va Mahmud Zamaxshariy singari tabarruk zotlarning asarlari muqaddas dinimizning asl insonparvarlik mohiyatidan saboq beradi. Xalqimizni, ayniqsa, yoshlarni toʻgʻri yoʻldan adashmaslikka, mutaassiblik, aldov, xiyonatdan uzoq boʻlishga, Vatanni sevish hamda koʻz qorachigʻidek asrashga undaydi.
Taassufki, bugun ayrim kimsalar xorijdan turib, internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali yurtimiz haqida haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan, asossiz maʼlumotlarni, turli igʻvolarni tarqatmoqda. Bunday axborot xurujlaridan maqsad odamlarni halovatsiz qilish, qalbiga gʻulgʻula solish, ertangi kunga, mamlakat kelajagiga ishonchsizlik uygʻotishdan iborat.
Aniqki, bunday qora niyatli kishilar oʻz chirkin muddaolariga aslo erisha olmaydi. Chunki ularning daʼvolari soxta, iddaolarining magʻzi puch. Qalb koʻzi ochiq, bilimi bor, dunyodan xabardor kishi borki, buni tezda yaqqol anglaydi.
Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, bugungi Oʻzbekiston – kechagi Oʻzbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas…
“Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan daʼvatkor gʻoya hayotimizga tobora chuqur kirib bormoqda. Biz ayni shu asosda xalqimiz hayotini tubdan yaxshilash, inson huquq va erkinliklari, qonun ustuvorligi va ijtimoiy adolatni taʼminlash, innovatsion taraqqiyot borasida muhim qadamlarni qoʻymoqdamiz.
Xalqimiz bagʻrikeng, yaxshilikni qadrlaydi, jonajon Vatanimizni sevadi. Zotan, bu fazilatlar ajdodlardan avlodlarga, qondan-qonga oʻtib, milliy qadriyatga aylanib ketgan.
Shu bilan birga, muqaddas kitoblarimizda, hadisi shariflarda, mutafakkir bobolarimiz oʻgitlarida vatanparvarlik, mardlik, jasorat ulugʻlanadi.
Kishining oʻz yurtiga mehr-muhabbatli boʻlishiga targʻib qilib, Imom Muhammad Gʻazzoliy rahmatullohi alayhi shunday deganlar: “Inson oʻz tugʻilib oʻsgan yerini va undagi narsalarni, garchi u joy odam yashamaydigan sahro boʻlsa ham, yaxshi koʻradi. Vatanga boʻlgan muhabbat – inson qalbidagi tugʻma tabiatdir. Bu narsa insonni Vatanida boʻlganida xotirjam, musofirlikda sogʻinadigan, unga hujum qilinganda himoya qiladigan, hurmatsizlik qilinganda gʻazablanadigan qilib qoʻyadi”.
Vatanni sevishimizga bir qancha sabablar bor. Jumladan, Alloh taolo taqdirimizni shu yerga bitdi. Shu Vatanda tugʻilib oʻsdik, tarbiya topdik. Ona yurtda qarindoshlarimiz, yaqinlarimiz yashaydi.
Shuning uchun ham kishi oʻz yurtidan uzoqlashganda, uni qoʻmsaydi va sogʻinadi. Islom tarixidan maʼlumki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oʻz vatanlari Makkai mukarramani yaxshi koʻrar edilar. U Zot yolgʻiz Allohga imon keltirishga daʼvat qila boshlaganlaridan soʻng Makka mushriklarining zulmlari haddan oshib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning jonlariga qasd qilish darajasiga borganlaridan soʻnggina Allohning buyrugʻiga binoan, Makkadan chiqib ketishga majbur boʻldilar. Chiqish vaqti kelganida, koʻzlariga yosh oldilar, koʻngillari boʻshab, Makkaga qarab bunday dedilar: “(Ey Makka), sendan koʻra menga sevimliroq va suyukliroq shahar yoʻq! Agar qavmim meni sendan chiqarmaganida, aslo sendan boshqa joyni makon tutmasdim” (Imom Termiziy rivoyati).
Demak, biz ham Vatanimizni jon dildan sevishimiz, unga chetdan otilgan toshni koʻkragimizga tekkandek his qilishimiz, tuhmatchi va igʻvogarlarga asosli javoblarni berishimiz kerak.
Davlatimiz rahbari Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasi faoliyati bilan tanishib, bu yerdagi domlalar, talabalar bilan suhbatda ham ayni masalaga eʼtibor qaratdi. Diniy taʼlim sifatini oshirish, uni amaliyot bilan bogʻlash boʻyicha fikrlar bildirdi.
– Bunday uzoq tarixga ega taʼlim dargohlari juda kam. Bugun uning sharoitini yaxshilab, tarixiy adolatni tiklaganimiz xayrli ish boʻldi, deb oʻylayman. Demokratik islohotlarimiz natijasida diniy sohaga ham erkinlik epkini kirib keldi. Shu bilan birga, axborot makoni ham ochiq. Internetda ilmiy asosi boʻlmagan turli talqinlar ham bor. Lekin ularni tajribasiz yoshlar qayerdan biladi? Buni sizga oʻxshagan ilmli kishilar, imom-xatiblarimiz isbotlab, toʻgʻri tushuntirib berishi kerak, – dedi Prezidentimiz.
Darhaqiqat, axborot globallashuvi tufayli turli mafkuraviy taʼsirlar, ayniqsa, yoshlar tafakkurini egallashga qaratilgan gʻarazli xurujlar tobora kuchaygan bugungi davrda bunday xatarlarga qarshi doimo sergak, ogoh va hushyor boʻlib yashash har birimizning burchimizdir. Yurtimizda yosh avlodning maʼnaviy-axloqiy tarbiyasini toʻgʻri shakllantirish, ularni turli tahdidlardan himoya qilish, ongu tafakkurini yuksaltirish maʼnaviy-maʼrifiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarning eng asosiy yoʻnalishlaridan biridir.
Davlatimiz rahbari talabalar bilan muloqotda “Suvda choʻkmaydigan, oʻtda yonmaydigan yagona narsa – bu bilim”, degan iborani keltirdi. Zero, islom dinida ham yoshlarni ilm sohibi etib tarbiyalash, fikriy va ilmiy jihatdan yetuk inson qilib kamolga yetkazishga katta eʼtibor beriladi. Islom tarixidan maʼlumki, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ilk bor nozil etilgan oyatlar insonni oʻqishga, ilm olishga targʻib qiladi. Qurʼoni karimda va Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarida ilmga targʻib etuvchi koʻplab oyat va hadislar mavjud.
Ilm-maʼrifatli boʻlishning fazilati nechogʻli yuksak ekani barchaga maʼlum. Ilm bilan dunyo obod, insoniyat hayoti farovon, ilmli kishining yoʻli doimo nurafshon boʻladi. Shu bois, ilm istash, unga yetish yoʻlida mashaqqat chekish eng savobli amallardan sanaladi. Islom dinida ilm deganda ham diniy, ham dunyoviy ilmlar tushuniladi. Diniy ilm insonning ruhiy hayoti, uning eʼtiqodiga oid boʻlib, oxirati uchun zarur boʻlsa, dunyoviy ilm uning jismoniy hayoti, dunyo obodligi uchun zarurdir. Shuning uchun ham hadisi sharifda: “Sizlarning eng yaxshingiz bu dunyoni deb oxiratini unutmagan, oxiratini deb bu dunyosini unutmagan va oʻzgalarga qaram boʻlmaganingizdir” (Imom Daylamiy rivoyati) deyilgan.
Prezidentimiz oʻzaro muloqotda xalqimizning “Birlashgan oʻzar, birlashmagan toʻzar” degan maqolini eslatib, hozirgi kundagi gʻoyaviy tahdidlarga qarshi barcha bir boʻlib kurashish zarurligini alohida taʼkidladi. Shunday ekan, tinchlik uchun, uni asrab-avaylash uchun barcha masʼul. Bu, oʻz navbatida, doimiy va qatʼiy harakatlarni talab etadi.
Shu oʻrinda biz, din peshvolari, ulamolar va imom-xatiblar oʻz oldimizga qatʼiy maqsadlarni qoʻygan holda xalqimizni, ayniqsa, yoshlarni tashqi taʼsirlardan himoya qilish va tinchlikni taʼminlashga daxldorlik hissini chuqur anglashimiz zarur.
Hazrati Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sahobai kiromlar: “Yo Rasululloh, biz Alloh taologa duo qilganimizda koʻproq nimani soʻraylik?” deb soʻrashganda, Paygʻambar alayhissalom: “Alloh taolodan ofiyat (tinchlik, xotirjamlik) soʻranglar”, deganlar.
Shularni his etarkanmiz, farzandlarimiz, nabiralarimiz baxti uchun yashaylik, ularning yoshlik yillari saodatli zamonga toʻgʻri kelganini ularga anglataylik, bularning barchasiga tinchlik neʼmati tufayli erishilayotganini bildiraylik. Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bir hadisi muboraklarida: “Kim oilasi tinch, jasadi salomat va huzurida bir kunlik taomi bor holatda tong ottirsa, unga dunyo toʻligʻicha berilibdi”, deganlar (Buxoriy rivoyati).
Qayd etganimizdek, taʼlim-tarbiya ishiga masʼul boʻlgan barchaning zimmasida farzand tarbiyasi, ularni ilmli-maʼrifatli qilib voyaga yetkazish hamda turli yot gʻoyalar taʼsiriga tushib qolishidan muhofaza etish masʼuliyati bor. Hadislarda xar bir inson qiyomat kuni ushbu masʼuliyatdan soʻralishi taʼkidlanadi.
Shunday ekan, yoshlarimizning imon-eʼtiqodlarini mustahkam qilib, chiroyli tarbiya berib, ularni turli yot gʻoyalardan asrab, notoʻgʻri yoʻllarga kirib qolishidan ehtiyot qilsak, dunyo-yu oxirat saodatiga erishamiz, insha Alloh.
Nuriddin XOLIQNAZAROV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
Manba: “Xalq soʻzi” gazetasi 2023-yil 25-fevral, 39-son
Izohlar