Yaxshilik va tinchlik yo`lida o`zaro hamkorlik qilish ibodad sanaladi
بسم الله الرحمن الرحيم
الْحَمْدُ لِلَّهِ، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى سَيِّدِنَا رَسُولِ اللَّه، وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّينِ أَمَّا بَعْدُ
Insoniyat yaratilganidan beri Alloh taolo ularga ketma-ket payg‘ambarlar jo‘natib, ilohiy kitoblar nozil qilib turgan. Jumladan, Islom ummatiga hidoyat qilib, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga oxirgi kitobi Qur'oni karimni nozil qildi.
Payg‘ambarimiz alayhissalomning ummatlariga muhim vasiyatlaridan biri –Qur'oni karim va hadisi sharifni mahkam tutish edi. Musulmon kishi nima savob, nima gunoh, nima yaxshi, nima yomonligini mana shu ikki mezon asosida aniqlab, hayotiga tatbiq qiladi. Qur'oni karimda musulmon hayotida doimiy qoidalarga aylanadigan ko‘rsatmalar bisyor. Masalan, ishonch, rostgo‘ylik, omonatdorlik, halollik, xushmuomalalik, do‘stlik, parhezkorlik va hokazo... Islom dinida ming yillardan beri qoida bo‘lib kelayotgan yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qilish, yomonlik va gunohda bir-biriga yordam bermaslik dinning asosiy g‘oyalaridan biri hisoblanadi. Alloh taolo shunday marhamat qiladi: Moida surasi 2-oyat
وَتَعَاوَنُوا عَلَى الْبِرِّ وَالتَّقْوَىٰ ۖ وَلَا تَعَاوَنُوا عَلَى الْإِثْمِ وَالْعُدْوَانِ
“Ezgulik va taqvo yo‘lida hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat yo‘lida hamkorlik qilmangiz!..” .Demakki, yaxshi va ezgu ishlarda o‘zaro hamkorlik qilish hamda gunoh va adovatga sabab bo‘ladigan ishlarda boshqalarga yordam bermasdan, balki ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlash – dinimiz talabidir.
Payg‘ambarimiz alayhissalom bu haqda shunday deydilar:
اُنْصُرْ أَخَاكَ ظَالِمًا أَوْ مَظْلُومًا فَقَالَ رَجُلٌ: يَا رَسُولَ اللهِ أَنْصُرُهُ مَظْلُومًا فَكَيْفَ أَنْصُرُهُ ظَالِمًا؟
قَالَ: تَمْنَعُهُ مِنَ الْظُلْمِ فَذَاكَ نَصْرُكَ إِيَّاهُ
متفق عليه عن أنس رضي الله عنه
ya'ni: “Birodaringizga zolim bo‘lsa ham, mazlum bo‘lsa ham yordam bering”. Bir kishi: “Ey, Allohning Rasuli! Mazlum bo‘lsaku, yordam beraman, lekin qanday qilib zolim bo‘lsa ham yordam beraman?”, – deb so‘radi. Aytdilar: “Uni zulmdan to‘sasiz – mana shu unga yordam qilishdir” (Muttafaqun alayh).
Yana Payg‘ambarimiz alayhissalom aytadilar:
اَلدَّالُّ عَلَى الْخَيْرِ كَفَاعِلِهِ
(رواه الامام الترميذي عن انس رضي الله عنه)
ya'ni: “Yaxshilikka yo‘llovchi kishi o‘sha yaxshilikni qiluvchi kabidir”
(Imom Termiziy rivoyatlari).
Payg‘ambarimiz alayhissalom birovning omonatini saqlab, so‘ralgan vaqtda ado qilgan, yaxshilikka vakil qilingan kishiga ham o‘sha yaxshilikni qilgan kishidek savob bo‘lishini bayon qilib shunday deydilar:
الخَازِنُ المُسْلِمُ الأمِينُ الَّذِي يُنفِذُ مَا أُمِرَ بِهِ فيُعْطيهِ كَامِلاً مُوَفَّراً طَيِّبَةً بِهِ نَفْسُهُ فَيَدْفَعُهُ إِلَى الَّذِي أُمِرَ لَهُ بِهِ ، أحَدُ المُتَصَدِّقين
(مُتَّفَقٌ عَلَيهِ عن أَبي موسى الأشعري رضي الله عنه)
ya'ni: “Buyurilgan narsani bajaruvchi ishonchli musulmon xazinabon omonatni buyurilgan joyga to‘la-to‘kis holda chin ko‘ngildan topshirsa, sadaqa qiluvchilardan biriga aylanadi” (Muttafaqun alayh).
Islom nazdidagi hamkorlik insoniyatga faqat saodat keltirish yo‘lidagi hamkorlik tushuniladi. Agar insonlar shu hamkorlikni amalga oshirsalar, o‘zlari orzu qilayotgan taraqqiyot va baxt-saodatga erishadilar. Mo‘min-musulmonlar o‘zi yashab turgan jamiyatdagi barcha insonlarga naf keltirishga, ulardan zararni daf qilishga sa'y-harakat qiladi. Ulug‘ sahoba Jobir raziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi, Ul zot: “Yaxshilik qilishning barchasi – sadaqadir. Bir kishining ulovga minishida yordam berishing yaxshilik — ehson. Bir kishiga tabassum ila yaxshi so‘z aytishing ham yaxshilik, odamlarga aziyat beradigan narsani yo‘ldan olib tashlashing ham senga yaxshilik, ikki kishi o‘rtasida adolat bilan isloh qilishing yaxshilikdir. Moddiy yordamga muhtoj oilaga muruvvat qilishing ham sen uchun yaxshilikdir. Kishiga bu kabi yaxshiliklarni ado etgani uchun Alloh, unga qalb musaffoligini beradi, qolaversa, ko‘p xayru savoblarga ega bo‘ladi”, deganlar. Darhaqiqat, musulmon kishi jamiyat uchun faqat yaxshilikni ravo ko‘rmog‘i, yomonliklardan tiyilmog‘i va boshqalarga aziyat berishdan uzoqda bo‘lmog‘i kerak. Ayniqsa, musulmon kishi o‘ziga sevimli bo‘lgan narsani boshqa birodarlariga ham bo‘lishini yaxshi ko‘rishi, ya'ni ularga foyda keltirish va ulardan har qanday zararni daf qilishi lozimdir. Zero, bu dunyoda barqaror, ishonchli va farovon taraqqiyotning eng muhim omili samarali hamkorlikdir. Alloh taoloning eng ulug‘ ne'matlaridan biri bu – tinchlikdir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sahobalar ko‘proq nimani duo qilib so‘rashni savol qilishgan-da, Ul zot: “Alloh taolodan ofiyat (tinchlik, xotirjamlik)ni so‘ranglar”, deb aytgan so‘zlari bu ne'matlar qanchalik muhim ekaniga dalolat qiladi. Yana bir hadisi sharifda Payg`ambarimiz sallallohu alayhi vassallam shunday deganlar: “Kim oilasi tinch, tani salomat va huzurida bir kunlik taomi bor holatda tong ottirsa, unga dunyo to‘lig‘icha berilibdi” (Imom Buxoriy rivoyati). Osoyishtalik qaror topgan yurtda xotirjamlik hukm suradi, farzandlar emin-erkin kamolga erishadi, oqibatda, jamiyatda har tomonlama yuksalish va rivojlanish ro‘y beradi. Demak, dunyoda hayotning bir maromda davom etishi, xalqning Haq taolo buyurgan ishlarini mukammal va xotirjam ado etishlari uchun tinchlik va osoyishtalik lozim. Yaratgan Parvardigor Qur'oni karimda ana shu tinchlikni saqlash va qadrlash vazifasini inson zimmasiga yuklab, Islom dini tinchlikka targ‘ib qilishini, shaytoniy yo‘llarga ergashmaslik lozimligini ta'kidlab, shunday deydi: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir” (Baqara surasi, 208-oyat).
Yomonlikka yordam berish uni tasdiqlash va rozi bo‘lish bilan ham bo‘lishi mumkin. Hozirgi kunda jamiyatimizda uchrab turadigan uyushgan jinoyatchilik, ommaviy mushtlashishlar va janjallar – gunohda hamkorlik qilishning bir ko‘rinishidir. Musulmon kishi bunday ishlarga guvoh bo‘lib qolganda, unga qo‘shilib ketmasdan, o‘rtani isloh qilishga kirishishi kerak.
Chunki Payg‘ambarimiz alayhissalom bu haqda shunday deydilar:
لَوْ أَنَّ أَهْلَ السَّمَاءِ وَأَهْلَ الأَرْضِ اشْتَرَكُوا فِى دَمِ مُؤْمِنٍ لأَكَبَّهُمُ اللَّهُ فِى النَّارِ
(رواه الامام التِّرْمِذِي عن أَبَي سَعِيدٍ الْخُدْرِىّ رضي الله عنه)
ya'ni: “Agar osmon va yer ahlining barchasi bir mo‘minning qonini to‘kishda ishtirok qilsalar, Alloh taolo ularni do‘zaxga yuztuban yiqitgan bo‘lar edi” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Shuning uchun Islom ummatining o‘ziga xos xususiyati – yomonlikni ko‘rganda, undan qaytarishdir! Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
كُنْتُمْ خَيْرَ أُمَّةٍ أُخْرِجَتْ لِلنَّاسِ تَأْمُرُونَ بِالْمَعْرُوفِ وَتَنْهَوْنَ عَنِ الْمُنْكَرِ وَتُؤْمِنُونَ بِاللَّهِ
ya'ni: “Odamlarga chiqarilgan (ma'lum bo‘lgan) ummatning eng yaxshisi bo‘ldingiz, (ey, musulmonlar!) zero, siz amri ma'ruf, nahyi munkar qilasiz va Allohga imon keltirasiz” (Oli Imron surasi 110-oyat).
Islom – faqat ibodat emas, balki musulmonlarning hayot tarzi hamdir! Musulmonlar hayotning barcha sohalarida oldingi saflarda bo‘lishga harakat qilishlari lozim. Buning uchun davlat va jamiyatni taraqqiyotga yetaklab bora oladigan, odamlarni, shu jumladan musulmonlarni hayotini yaxshi tomonga o‘zgartira oladigan odil, dono va g‘amxo‘r rahbarni tanlash va saylab olish – o‘ta muhim masaladir. Mashhur muhaddis Imom Ahmad rahimahulloh aytganlar: “Agar ijobat bo‘ladigan birgina duoim bo‘lganida, uni albatta hukmdorni haqqiga qilar edim. Chunki hukmdorning yaxshi bo‘lishi bilan xalqi yaxshi bo‘ladi”.
Saylovchi kishi nomzod tanlashda bor bilim-tajribasini ishga solish barobarida, o‘ta xolis bo‘lishi, shaxsiy manfaatlarni ustun qo‘ymasligi lozim. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o‘zlarining bir hadisi shariflarida shunday deydilar: “Kim bir jamoa ichidan bir kishini ishga tayinlasa, holbuki ularning ichida undan ko‘ra Alloh rozi bo‘ladiganrog‘i bo‘lsa, u tayinlovchi Allohga, Uning Rasuliga va mo‘minlarga xiyonat qilibdi” (Imom Hokim rivoyatlari).
Ulamolar orasida bir qoida bor: “Bir narsa ustidan hukm chiqarish uni tasavvur qilishga bog‘liqdir. Kim bir narsani puxta bilmasdan hukm bersa, u xato qiladi”. Hozirda ba'zi kishilar “demokratiya”ning mohiyatini bilmasdan, o‘rganmasdan hukm chiqarmoqdalar.
Demokratiyaning asli – xalq saylovi, referendum kabi yo‘llar bilan ko‘pchilikning fikrini yuzaga chiqarishdir. Siyosiy partiyalarning ko‘p bo‘lishi, ozchilikning ham fikri eshitilishi, so‘z erkinligi ham – muhim asoslardir. Demokratiyaning mana shu asoslari Islomga zidmi va uni yo‘qqa chiqaradimi!?
Islom tarixiga nazar tashlasak, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Uhud g‘azotida ko‘pchilikning fikriga ko‘nib, Madinadan tashqarida jang qilishga rozi bo‘ldilar. Aslida U Zot va katta sahobalarning fikrlari Madina ichkarisida qolish edi.
Hazrati Umar raziyallohu anhu maslahat soladigan 6 kishilik kengash bor edi. U zot vafotlari oldidan mana shu kengash ichidan bir kishini rahbar sifatida tanlashni, agar ovozlar teng bo‘lib qolsa, tashqaridan bir kishi tayinlanib, bir tomonning so‘zini quvvatlashini vasiyat qildilar. Bundan tashqari hadisi shariflarda katta jamoatni mahkam ushlash, ummat zalolat ustida jam bo‘lmasligi, Alloh taoloning roziligi jamoat ustida bo‘lishi haqida zikr qilinadi.
Yana bir sahih hadisi sharifda: “Hokimlaringizning yaxshisi – siz uni yaxshi ko‘rgan va u ham sizni yaxshi ko‘rganidir...” – deyiladi (Imom Muslim Avf ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilganlar).
Ko‘rinib turibdiki, Islom dini yuqorida sanalgan demokratiya asoslarini yo‘qqa chiqarmaydi va unga zid kelmaydi, balki demokratiyaning asl mohiyati sof islomga hamohangdir.
Imom Buxoriy Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Qachon omonat zoye qilinsa, Qiyomatni kutavering!” – dedilar. “Uni zoye qilish qanday bo‘ladi?” – dedi bir a'robiy. U Zot: “Qachon ish o‘z ahlidan boshqaga topshirilsa, Qiyomatni kutavering!” – dedilar.
Saylov masalasida mashhur islom ulamosi Shayx Yusuf Qarzoviy hafizahulloh quyidagilarni ta'kidlaganlar: “Islomda saylovlarga guvohlik sifatida qaraladi. Ya'ni, rahbarlikka saylanayotgan odamning salohiyatiga guvohlik berishdir. Salohiyati yo‘q odamga salohiyatli, deb guvohlik berilmaydi. Agar salohiyatli kishiga o‘z o‘rnida guvohlik berilmasa, bu guvohlikni yashirish bo‘lib qoladi”.
Alloh taolo barchalarimizni O‘zi haqda sobit qilsin va el-yurt manfaati yo‘lida qo‘lni-qo‘lga berib, imkonimiz doirasidagi yaxshi ishlarni amalga oshirib, ikki dunyo yaxshiligiga erishishimizni, xalqimizga munosib, odil, dono va g‘amxo‘r rahbarni saylashimizni nasib aylasin! Omin!
Boboqulov Imomiddin - Imom Termiziy o'rta
maxsus islom ta'lim muassasasi o'qituvchisi
Izohlar