DIN NIQOBI OSTIDAGI EKSTREMISTIK VA TERRORCHI TASHKILOTLARNING ‘‘JIHOD’’ TUSHUNCHASINI BUZIB TALQIN QILISHI
O‘tmishda ayrim kuchlar va shaxslar dinni asos qilib, o‘zaro qonli urushlarga da’vat etganlar. Afsuski, bunday holatlar hozir ham uchramoqda. Oxirgi yillarda dunyodagi turli davlatlar, millatlar va dinlar o‘rtasiga nizo solish, keskinlik keltirib chiqarish niyatida islom dinidan mafkuraviy vosita sifatida foydalanilmoqda.
Shu o‘rinda eslab o‘tish lozimki, “ekstremizm” jamiyat uchun an’anaviy bo‘lgan diniy qadriyatlar va aqidaviy ahkomlarni rad etish, o‘z g‘oyalarini murosasizlik va mutaassiblik bilan targ'ib qilishni anglatadi. “Terrorizm” esa muayyan siyosiy maqsadlarda, jamiyatda beqarorlik keltirib chiqarish hamda aholining keng qatlamlarida vahima va qo‘rquv uyg‘otish uchun zo‘ravonlik ishlatish yoki zo‘ravonlik ishlatish bilan qo‘rqitishga qaratilgan harakatlarni bildiradi. Terrorizm beqarorlik keltirib chiqarish orqali davlat hokimiyatini egallash maqsadida qo‘llaniladi.
Ekstremistlar islom ta’limotidagi ayrim tushunchalarni buzib, o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanmoqdalar. Jumladan, islom dini shariatida jihod tushunchasi aslida qandayu, bugungi kundagi buzg‘unchi oqimlar jihodni qanday talqin qilmoqda. “Jihod” (arabcha – gа‘yrat qilish, kuchni ishga solish). so‘zi “jiddu-jahd”, ya’ni, inson o‘z maqsadiga erishish yo‘lida bor imkoniyatlarini ishga solib, harakat qilishini anglatadi. Istilohda esa, ushbu so‘z bir qancha ma’nolarda ishlatiladi. Jumladan, “jihod” – Allohning yo‘liga da’vat qilish, yaxshilikka chaqirish va yomonlikdan qaytarish, Alloh yo‘lida insonning o‘z havoyi-nafsiga qarshi kurashi, ota-onaga xizmat qilish, yovga qarshi kurashishdek turlari mavjud. “Jihod” so‘zi “qitol”, ya’ni “urush” so‘zining sinonimi emas. Shuningdek, har qanday jihod urush va aksincha va har qanday urush jihod bo‘lavermaydi. Islom ta’limotlariga ko‘ra, Alloh taologa qurbat hosil qiladigan har qanday amal jihod hisoblanadi. Masalan, ota-onaga yaxshilik qilish, o‘z nafsiga qarshi kurashish va boshqa xayrli amallar jihod sanaladi.
Bugungi kundagi buzg‘unchi oqimlar jihodni faqat urush ma’nosini o‘zlariga moslashtirib, niqob qilib olmoqdalar. Urush ma’nosidagi jihodga keladigan bo‘lsak, inson o‘z e’tiqodini himoya qilishidir. Islom tarixini chuqur o‘rgangan mutaxassis olimlar, tarixda yuz bergan har qanday jihod, faqatgina, mudofa maqsadida olib borilganini ta’kidlaydilar.
“Jihod”ning ham boshqa farz amallari kabi o‘zining vaqti, sharoiti, tartib-qoidalari mavjud. Bu borada Shayx Abdulaziz Mansur bunday deydi: ”Agar “jihod” islom davlatini qurish uchun yoki insonlarni dinga kirishga majburlash uchun joriy etilganida edi, Rasululloh (a.s)ning o‘zlari bu borada namuna ko‘rsatgan bo‘lur edilar. Ya’ni, u zot birinchi bo‘lib Makkadagi mushriklarning bilan urushgan, islom davlatini barpo etish uchun jihod e’lon qilgan bo‘lardilar. Biroq Payg‘ambarimiz (a.s) bunday yo‘l tutmadilar. Aksincha, musulmon jamiyati yuzaga kelgach, uning himoyasi uchungina jihodga chiqqanlar”.
Islom ta’limotlariga ko‘ra, musulmon bo‘lmaganlar bilan o‘zaro muloqot o‘rnatish asli tinchlik orqali amalga oshiriladi. Jihod joriy qilinishining asl sababi ham “doimiy tinchlik”ka erishish uchun bo‘lgan. Tinchlikи sezilgan zahotiyoq uni qabul qilish har bir musulmondan talab qilinadi. Bu borada, Qur’oni karimda “Agar ular sulhga moyil bo‘lsalar, Siz ham unga moyil bo‘ling va Allohga tavakkul qiling!” (Anfol surasi, 61-oyat) deyilgan.
Ulamolarning barchasi jihod qilish uchun ota-onaning izni shart ekaniga ittifoq qilishgan. Buning dalili quyidagi hadisdir: “Rasululloh s.a.v ninng huzurlariga bir kishi kelib, u zotdan jihodga chiqishga izn so‘radi. Shunda u zot: “Ota-onang tirikmi?” dedilar. U: “Ha”, dedi. U zot: “Ikkovlarida jihod qil”, dedilar” [1, 142-bet].
Terrorchilik, ekstremizm va aqidaparastlik begunoh insonlarning qoni to‘kilishiga olib keladi. Qur’oni karimda bunday holatlarga shunday deyilgan. “Biror jonni o‘ldirmagan yoki yerda (buzg‘unchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarni qilmagan insonni o‘ldirgan odam huddi hamma odamlarni o‘ldirgan kabidir” (“Moida” surasi, 32-oyat), deb qat’iy qoralangan. Boshqa bir oyatda “Kimda kim bir mo‘minni o‘ldirsa, uning jazosi jahannamda abadiy qolishdir…” (“Niso” surasi, 93-oyat), deyilgan. Bundan tashqari, Qur’oni karimda o‘z joniga qasd qilish eng katta gunohlardan ekani ta’kidlangan: “…o‘zlaringizni o‘ldirmangiz! Albatta, Alloh sizlarga rahm-shavqatlidir (“Niso” surasi, 29-oyat). Yoki: “… o‘z qo‘lingiz bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamangiz! (Barcha ishlarni) chiroyli qilingiz. Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (“Baqara” surasi, 195-oyat)
Xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, bu keltirilgan fikrlar islom shariatida ko'rsatilgan, Alloh taoloning muborak kalomi va Uning so'nggi Payg'ambarining sunnati saniyalaridan sobit bo'lgan, salafi solihlar, mazhab boshi imomlarimiz ittifoq qilgan “jihod” tushunchasi edi. Lekin bu mo'tabar fikrlar qayerda-yu bugun o'zlarini “mujohid” deb atab, odam o‘ldirish, yurtlarni vayron qilish, masjidu kanisalarni xarob qilish, qatliomda qariyalar, ayollar va yosh bolalarni birdek ko'rishdek qilayotgan noshar’iy ishlarini “jihod” deb da’vo qilayotganlar qayoqda.
Yot g‘oyalarga aldangan ba’zi yoshlarning hozirda oilasidan yiroqda, vatangado bo‘lib, begona yurtlarda xor-u zor va juvonmarg bo‘lib ketayotgani boshqalarga saboq bo‘lishi kerak. Yurtimizning tinchligini asrash barchamizning muqaddas burchimiz bo‘lib, aslo beparvo bo‘lmasligimiz, vatandoshlarimizning turli ekstremistik va buzg‘unchi oqimlar ta’siriga tushib qolishlarining oldini olishimiz lozim. Zero, agar biz ahil bo‘lsak, el-yurt manfaatlari yo‘lida bir tanu bir jon bo‘lib yashasak, o‘zimizdan sotqin chiqmasa, o‘zbek xalqini hech kim, hech qachon yenga olmaydi.
ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. K.Shermuhamedov, J.Karimov. “Islom niqobi ostidagi ekstremistik va terrorchi uyushmalar ma’lumotlar to‘plami’”, Toshkent islom universiteti, 2014-yil, 194 bet.
[1]2. A.Mansur “Qur’oni Karim ma’nolari tarjimasi” -T: “Toshkent islom universiteti”, 2006-yil, 455 bet
Imom Termiziy o`rta maxsus islom ta’lim muassasasi
2-bosqich talabasi Abdurahmonov Usmonjon
Izohlar