14.07.2022

NAMOZ

Namoz Islomning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi. Alloh taolo bandalariga farz qilib qo‘ygan. Namoz Alloh bergan hadsiz-hisobsiz ne’matlarga bandasining shukronasi hamdir. Namoz ibodati tufayli kishining Alloh nazdidagi darajasi yuksaladi. Namozxon oxirat hayotiga tayyorgarlik ko‘rib boradi. Turli bahonalar bilan namoz o‘qimay yurgan kishi Allohning buyrug‘iga qarshi chiqqan bo‘ladi. Bu esa, katta musibatdir.

Har narsaning nuri bor. Din nuri — besh vaqt namozdir. Namoz ayni vaqtda din tirgagi va libosidir. Har narsani buzguvchisi bor. Dinni buzuvchi – namozni tark etmoqdir. Namozni tark etgan – dinining binosini qulatgan bo‘ladi.

Namoz oʻqish uchun namozxonning badan va kiyimlari hamda oʻqish joyi pok boʻlishi shart. Namoz qiblaga — Makkadagi Kaʼba ibodatxonasiga qarab oʻqiladi. Uni oʻqishda maxsus toʻshama — joynamozdan foydalanish odatga aylangan. Namozni kishi bir oʻzi yoki jamoa boʻlib oʻqishi mumkin, lekin juma kunidagi juma namozini masjidda jamoa bilan oʻqish tavsiya etiladi. Jamoa boʻlib namoz oʻqiganda namozxonlar qator turadi, ulardan biri (imom) imomlikka oʻtadi. Namoz paytida gapirish, yeyish, ichish, kulish, yoʻtalish (uzrsiz), turli harakatlar qilish va boshqa mumkin emas. Kasal va nogironlar namozni oʻzlariga qulay holatda oʻqiydilar.

Islomdagi mazhablar koʻrsatmalarida namoz oʻqish qoidalarining bir-biridan farq qiladigan jihatlari bor. Oʻzbekistonda namoz, asosan, hanafiylik mazhabiga muvofiq oʻqiladi.

Qur’oni karimda namoz o‘qish amr etilgan ko‘plab oyatlar bor (mazmunlari):

«Namozni mukammal ado etingiz, zakot beringiz va ruku qiluvchilar bilan birga ruku qilingiz» (Baqara, 43).

«Namozni mukammal ado etingiz va zakot beringiz!» (Baqara, 110).

«Alloh imonlaringizni (Baytul-Maqdisga qarab o‘qigan namozlaringiz ajrini) zoe ketkizmas. Albatta, Alloh odamlarga mehribon va rahmlidir» (Baqara, 143).

«(Ey Muhammad), imon keltirgan bandalarimga ayting, namozni mukammal ado etsinlar hamda savdo-sotiq va oshna-og‘aynigarchilik bo‘lmaydigan Kun (qiyomat) kelmay turib, Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan xufyona va oshkora ehson qilsinlar!» (Ibrohim, 31).

"Quyosh og‘ishidan to tun qorong‘usigacha namozni mukammal ado qiling va tonggi o‘qishni (bomdod namozini) ham (ado qiling). Zero, tonggi o‘qish (farishtalar) hozir bo‘ladigan (namoz)dir. Tunda (bir qismida) uyg‘onib o‘zingiz uchun tahajjud (nafl) namozini o‘qing! Shoyadki, Rabbingiz Sizni (Qiyomat kunida) maqtovli (shafoat qiladigan maqomda) tiriltirsa» (Al-Isro, 78­79).

Insonlarning zimmasida buyuk bir mas'uliyat bor - u ham bo‘lsa namoz o‘qishlikdir. Nafaqat namoz o‘qish, balki uni o‘z vaqtida o‘qish ham alohida farz. Demak, bizlarni Alloh taologa qulchiligimiz, bandachiligimizni izhor etish borasidagi eng buyuk ibodat – namoz ibodatidur.

Qolaversa, namoz mo‘min-musulmonlarni tarbiyalaydigan ibodat hamdir. Abu Hurayra (r.a) dan rivoyat qilinadi Payg‘ambarimiz (s.a.v): “Bandaning Allohga eng yaqin vaqti, uning sajdada bo‘lgan holatidir”, deb marhamat qilganlar Imom Muslim: (Sahih Muslim 966 hadis). Aytingchi, qaysi banda o‘zining Rabbisiga yaqin bo‘lishni xohlamaydi? Barcha xohlaydi. Bu darajaga yetishish uchun namoz ibodatini mukammal ado etishimiz lozimdir.

Namoz insonni tartibga o‘rgatadi. Har kuni besh mahal namozni o‘z vaqtida, qoldirmasdan, qazo qilmasdan o‘qishga o‘rgangan mo‘min-musulmon barcha dunyoviy ishlarini ham o‘z vaqtida qilishlikka o‘rganadi. Uning hayotida tartib yuzaga chiqadi. Tartibli hayotda esa baraka bo‘ladi.

✍️ Boboraxmatov Abdulbosit- Imom Termiziy o'rta-maxsus islom ta'lim muassasasi

2-bosqich talabasi


 

Izoh qoldirish

Izohlar