AJDODLARIMIZ MEROSI – UCHINCHI RENESSANS POYDEVORI
O'lkamizdan azal-azaldan qanchadan-qancha mutafakkir, muhaddis, ensiklopedist, mutasavvif, faqih olimu fozillar yetishib chiqqan. Ular nafaqat o`z vatanlari, balki boshqa o'lkalarning ham rivoj-ravnaqi, qayerda bo`lmasin, o`sha joyning musulmonlarini islomni go`zal anglab, uning go`zalligini his etib, boshqalarga ham ko`rsata olishlari uchun ustozlik qilib kelganlar. Shuning uchun dunyoning qaysi davlatiga borsak bizni eng avvalo, ulug' bobolarimiz nomi bilan tanishadi va ularni eslashadi. Buyuk ajdodlarimiz oldida o`zlarini go`yoki qarzdordek his qilishadi. Bu bizga bir tomondan faxr, g`urur bag`ishlasada, ikkinchi tomondan bizga ulkan mas`uliyatlarni yuklaydi. Ularga mos avlod bo`la olish bilan bir qatorda, ularning merosini o`rganib, tadqiq etishimiz,ulardan yuksak darajada foydalanishimiz, boshqalarga o`rgatishimiz hamda keying avlodlarga ham ularning, ham o'zimizning ma`naviy meroslarimizni yetkazishimiz bizning ayni paytdagi burchimizdir.
Joriy yilning avgust oyi davomida yurtimizdagi Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy ilmiy-tadqiqot markazlarining bir guruh ilmiy xodim va doktorantlari o`laroq Turkiya Respublikasi Anqara shahridagi Islom tushunchalari institutida bir oylik malaka oshirish kursida qatnashdik. Unda hadis, fiqh, tasavvuf, aqoid, arab tili,usul va metodologiya kabi fanlardan iborat ta`lim jarayoni tashkil etildi. Darslar o'z sohasining mutaxassislari, doctor va professorlar tomonidan olib borildi. Qaysi bir o'qituvchi-professor darsga kirmasin, albatta, buyuk ajdodlarimiz hayoti, ularning qilgan xizmatlari va qoldirgan meroslari haqida chuqur izlanishlarini, ba'zilari hatto buyuk ajdodlarimiz hayot va faoliyatlarini o`rganish va tahlil etishga butun umrini sarflaganini guvohi bo`ldik. Ayniqsa, falsafa va mantiq ilmlarini tushunish uchun Ibn Sino, Forobiy, G`azzoliy kabi mutafakkirlarni, aqida va kalomni chuqurroq anglash uchun Imom Moturidiy, Imom Nasafiy, Saraxsiy singari ajdodlarimizning hayoti va ta`limotlarini keng o'rganishganini e'tirof etishdi. Bizni eng hayratga solgan yana bir jihat shuki, Turkiyada oxirgi 50 yil ichida juda katta tarjima ishlari olib borilgan. Arab yoki boshqa tildagi qanday kitob bo`lmasin, ko'pchiligi tarjima qilingan. Ming afsuski, bizda tarjima ishlari juda oqsamoqda. Bizda ham ushbu sohani rivojlantirishimiz ayni muddao bo`lardi. Chunki juda katta hajmdagi ajdodlarimiz merosi arab, fors va turk tillarida kutubxonalarimizda tadqiq etilishini, tarjima va sharhlar yozilishini kutib turibdi.
Ushbu bir oylik ilmiy-ma`rifiy safarimiz mobaynida shuni yaxshi angladimki, biz agar o'z yurtimizdan chiqqan buyuk ajdodlarimizning ma'naviy merosini o'rganib, tadqiq etib, yetarli darajada nashr ettirar ekanmiz, bu biz uchun uchinchi renesansning asosiy poydevori, muhim omili rolini o'ynaydi. Nafaqat diniy, balki ilmu fanning barcha sohalari bo`yicha ma'lumotlarni o'zida jam etgan bu milliy merosimizni har turli yo'nalishdagi, har xil sohadagi tadqiqotchilarimiz foydalanib, yangi-yangi kashfiyotlar, zamonaviy ixtirolarga zamin bo`lishiga hech qanday shubham yo'q. Qolaversa, yoshlarimizni har xil yot g'oyalardan asrash, ularni haqiqiy islom ruhida, ma'naviyatli, ma'rifatparvar, barkamol shaxs o'laroq tarbiyalashda to'laqonli ahamiyatga ega.
✍️Hoshimjon Nizomiddinov - O`zbekiston xalqaro islom akademiyasi 1-bosqich doktoranti, Imom Termiziy o'rta maxsus islom ta'lim muassasasi o`qituvchisi
Izohlar